Yangiliklar/Texnologiya

O‘zbekistonda bankomat ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyati o‘rganiladi

Texnologiya 9 noyabr, 14:47
O‘zbekistonda bankomat ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyati o‘rganiladi

O‘zbekistonda bankomat ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyati o‘rganiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning elektrotexnika sanoati vakillari, investorlar va tadbirkorlar bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda mamlakatda bankomatlarga bo‘lgan talab yildan-yilga ortib borayotgani qayd etildi. Bunga yangi turar joy massivlari, savdo va ko‘ngilochar markazlar sonining ko‘payishi sabab bo‘lmoqda.

Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil davomida O‘zbekistonga 9 mingga yaqin bankomat import qilingan. Ularning umumiy qiymati 50 mln dollardan oshgan.

Shu munosabat bilan prezident bankomatlarni mamlakat ichida ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish, ichki bozor ehtiyojini hisoblash, zarur texnologiyalarni jalb qilish va investorlar bilan ishlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Uchrashuvda boshqa turdagi texnologik mahsulotlarni mahalliylashtirish masalalari ham muhokama qilindi.

Xususan, Toshkent viloyatida elektronika uchun akkumulyatorlar va mis folga ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Jizzax viloyatida elektromobillar uchun invertorlar va quvvatlash stansiyalarini ishlab chiqarish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.

Namangan viloyatida suv nasoslari uchun energiya tejamkor elektr dvigatellarini ishlab chiqarish, Qoraqalpog‘istonda esa uzluksiz quvvat manbalari hamda serverlar uchun sovitish tizimlari ishlab chiqarishni tashkil etish taklif qilindi.

Mazkur yo‘nalishlar elektrotexnika sanoatida yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish va import qilinayotgan ayrim uskunalar ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish masalalari doirasida muhokama qilindi.

1,2280

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→