Yangiliklar/Jamiyat

MVD kameralar qayd etgan jarimalarni rasmiylashtirish muddatini bir oygacha uzaytirdi

Jamiyat 9 noyabr, 12:23
MVD kameralar qayd etgan jarimalarni rasmiylashtirish muddatini bir oygacha uzaytirdi

Ichki ishlar vazirligi avtomatik kameralar qayd etgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha qaror chiqarish tartibiga o‘zgartirish kiritdi.

Endilikda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati qoidabuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir oy ichida jarima to‘g‘risida qaror chiqarishi mumkin. Avval bu muddat 15 kun edi.

Bunda qoidabuzarlik haqidagi ma’lumotlarni tizimga yuborish muddati o‘zgarmadi.

Amaldagi tartibga ko‘ra:

  • kamera qayd etgan ma’lumotlar YHXB markaziy tizimiga 48 soat ichida yuborilishi kerak;
  • qoidabuzarlik bo‘yicha qaror bir oy ichida chiqarilishi mumkin.

Agar ma’lumotlar ikki sutka ichida tizimga kelib tushmasa, ushbu holat bo‘yicha jarima rasmiylashtirilmaydi.

MVDning yangi yo‘riqnomasida boshqa protsessual o‘zgarishlar ham nazarda tutilgan.

Xususan, YPX inspektorlari ma’muriy bayonnomalarni planshetlar orqali elektron shaklda rasmiylashtiradi. Haydovchi hujjatlarni elektron imzo yoki barmoq izi orqali tasdiqlashi mumkin.

Mastlik holatini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishni rad etgan holatlarda endi xolislar ishtiroki talab qilinmaydi. Bunday vaziyatlarda inspektorning bodikamerasidagi videoyozuv dalil sifatida foydalaniladi.

Shuningdek, jarima to‘lanmagani uchun transport vositasini jarima maydonchasiga olib ketish tartibi ham aniqlashtirildi. Avtomobil faqat qarzdorlik yuzaga kelganidan 60 kun o‘tgach ushlab turilishi mumkin.

Jarimalarni chegirma bilan to‘lash tartibi esa o‘zgarishsiz qoldi:

  • 15 kun ichida to‘langanda — 50 foiz chegirma;
  • 30 kun ichida to‘langanda — 30 foiz chegirma.

Mazkur imtiyozlar mast holda transport boshqarish va tibbiy ko‘rikdan o‘tishni rad etish kabi ayrim qo‘pol qoidabuzarliklarga tatbiq etilmaydi.

1,1700

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→