II Prezident olimpiadasida Toshkent va Xorazm jamoalari g‘olib bo‘ldi

Sport 8 noyabr, 11:58
II Prezident olimpiadasida Toshkent va Xorazm jamoalari g‘olib bo‘ldi

Toshkentda II Prezident olimpiadasi yakunlandi. 12 kun davom etgan musobaqalarda O‘zbekistonning barcha hududlaridan 3657 nafar yosh sportchi sportning 26 turi bo‘yicha bahslarda qatnashdi.

Musobaqalarning yopilish marosimi Olimpiya shaharchasida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda bosh vazir Abdulla Aripov Prezident va Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyevning ishtirokchilarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, olimpiya yo‘nalishida Toshkent shahri jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Samarqand viloyati ikkinchi, Xorazm viloyati esa uchinchi bo‘ldi.

Paralimpiya yo‘nalishida Xorazm viloyati vakillari eng yaxshi natijani qayd etdi. Navoiy viloyati ikkinchi, Andijon viloyati uchinchi o‘rindan joy oldi.

“Eng iste’dodli sportchi” nominatsiyasida olimpiya yo‘nalishida xorazmlik yengil atletikachi Murodbek Egamberdiyev va qashqadaryolik dzyudochi Kumush Kuchkinova taqdirlandi. Paralimpiya yo‘nalishida esa bu mukofot Toshkent shahridan Jahongir Mirzayaliyev hamda surxondaryolik Mubina Ne’matovaga topshirildi.

“Eng yaxshi murabbiy” nominatsiyasida Namangan viloyatidan gandbol bo‘yicha murabbiy Ilhom Tojiboyev va Farg‘ona viloyatidan parataekvondo murabbiyi Xurshid Yo‘lchiboyev g‘olib deb topildi.

Shuningdek, qator jamoaviy mukofotlar ham topshirildi. Andijon viloyati sport maktablari orasida eng ko‘p medal jamg‘argan hudud sifatida e’tirof etildi. Toshkent viloyati “G‘alabaga intilish va jamoaviy birlik”, Qoraqalpog‘iston esa sport turlari geografiyasini kengaytirishga qo‘shgan hissasi uchun mukofotlandi.

Prezident olimpiadasi yosh sportchilarni saralash va ularning salohiyatini namoyish etish maydonlaridan biri hisoblanadi. Musobaqalarda yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar kelgusida mamlakat terma jamoalariga jalb etilishi mumkin.

9470

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→