Yangiliklar/Jamiyat

Toshkentda Burjar kanaliga sakragan qiz qutqarib qolindi

Jamiyat 2 noyabr, 19:18
Toshkentda Burjar kanaliga sakragan qiz qutqarib qolindi

Toshkentdagi Burjar kanaliga sakragan qiz profilaktika inspektorlari tomonidan qutqarildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati ma’lum qildi.

Voqea guvohi Diyor Musayevning aytishicha, u kanal yaqinida video olayotgan paytda qora kiyimdagi qizni ko‘rgan. Oradan ko‘p o‘tmay qiz suvga sakragan. Musayev voqea haqida 102 raqamiga xabar bergan.

Hodisa joyiga Yakkasaroy tumani “Tepa” mahallasi profilaktika inspektorlari yetib kelgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, suv girdobi qizni qirg‘oq tomon surib yuborgan. Profilaktika inspektori Ortiq Omonov suvga tushib, qizni ushlab qolgan. Uning hamkasbi Qudrat Rasulov esa qizni suvdan chiqarishga yordam bergan.

Qiz ko‘p miqdorda suv yutib yuborgani sabab unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shahar 5-sonli shifoxonasiga olib borilgan. Keyinchalik uning shaxsi aniqlanib, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida yashovchi ota-onasi bilan bog‘lanilgan.

IIBB ma’lumotiga ko‘ra, qiz oilasiga topshirilgan paytda uning ahvoli barqaror bo‘lgan.

3870

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→