Yangiliklar/Jamiyat

Imarat ishi fonida eskrou hisobvaraqlarini joriy etish yana kun tartibiga chiqdi

Jamiyat 2 noyabr, 16:45
Imarat ishi fonida eskrou hisobvaraqlarini joriy etish yana kun tartibiga chiqdi

Imarat Development rahbariyatiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish fonida Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi yana eskrou hisobvaraqlari tizimini joriy etish tarafdori ekanini bildirdi.

Hozir Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Hujjatda eskrou hisobvaraqlari mexanizmi nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, xaridorlarning mablag‘lari maxsus bank hisobvaraqlarida saqlanadi. Quruvchi esa bu mablag‘larga faqat belgilangan shartlarni bajarganidan keyingina ega bo‘lishi mumkin.

Qo‘mita fikricha, bu tizim ulushdorlarning mablag‘larini himoya qilish va ularning boshqa maqsadlarga sarflanishi xavfini kamaytirishga yordam beradi.

Eskrou mexanizmi qurilish jarayonini davom ettirish imkonini ham beradi. Agar loyiha bilan bog‘liq jiddiy muammolar yuzaga kelsa, qurilish boshqa develloperga topshirilishi mumkin. Bunda loyiha moliyalashtirilishi saqlanib qoladi.

Qo‘mita bayonoti Imarat Development bilan bog‘liq jinoyat ishi ortidan yangradi.

Avvalroq Toshkent shahar IIBB tadbirkor Marat Hamdamovning firibgarlik va vakolatlarni suiiste’mol qilish alomatlari bo‘yicha olib borilayotgan tergov doirasida ushlanganini ma’lum qilgan edi.

Huquq-tartibot organlariga ko‘ra, ish ochilishiga kvartira xaridorlarining murojaatlari sabab bo‘lgan. Ular shartnomalar bekor qilinganidan keyin ham pullar qaytarilmaganini bildirgan.

Tergov materiallarida ayrim mijozlar uy-joyni Toshkent shahridan sotib olyapmiz deb o‘ylagan, biroq keyinchalik obyektlar Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida qurilayotganini aniqlagani qayd etilgan.

Imarat Development loyihalari bilan bog‘liq shikoyatlar avval ham kuzatilgan. Xaridorlar qurilish muddatlari kechikayotgani va mablag‘larni qaytarishdagi muammolar haqida murojaatlar qilgan.

2025-yilda qurilish nazorati inspeksiyasi Sergeli City turar joy majmuasining bir nechta bloklarida qoidabuzarliklarni aniqlagan va ayrim obyektlarda qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatilgan edi.

Qo‘mita eskrou hisobvaraqlari tizimi uy-joy qurilishi bozorida asosiy moliyaviy mexanizmlardan biriga aylanishi kerakligini ta’kidladi. Mazkur tizim xaridorlar mablag‘larini quruvchi kompaniya faoliyatidan ajratib, loyiha moliyalashtirilishini qo‘shimcha himoya qilishga qaratilgan.

3340

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→