Germaniya uchun 10 ming mutaxassis tayyorlash rejalashtirilmoqda

Kelgusi yildan O‘zbekistonning barcha hududlarida yagona migratsiya markazlari ish boshlaydi. Ular xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni kasb va til bo‘yicha tayyorlash, ish beruvchilar bilan bog‘lash hamda ishga joylashish jarayonini kuzatib borish bilan shug‘ullanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan mehnat migratsiyasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ushbu markazlarni tashkil etish uchun har bir viloyatga 8 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilishi ma’lum qilindi. Markazlar faoliyati “Intil” xalqaro o‘quv markazi tajribasi asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Yig‘ilishda xorijiy tillarni biladigan mutaxassislar yetishmasligi asosiy muammolardan biri sifatida ko‘rsatildi. Xususan, Germaniyadan joriy yilning o‘zida 45 ming nafar mutaxassisga talab bo‘lgani holda, O‘zbekistondan atigi 2 ming kishi ishga joylashgan. Bunga nemis tilini biladigan kadrlar sonining kamligi sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Shu bois har bir viloyatda kamida ikki-uchta texnikumda nemis tili va kasbiy tayyorgarlikni birgalikda o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Kelgusi yilda 10 ming nafar fuqaroni o‘qitib, Germaniyada ishga joylashtirish rejalashtirilgan.
Kasb-hunar ta’limi tizimida ham o‘zgarishlar bo‘ladi. Bir oy ichida 20 ta texnikum tanlab olinib, ularning o‘quv dasturlari xorijiy ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtiriladi. Ayrim texnikumlar esa yirik tadbirkorlar boshqaruviga beriladi. Kutilishicha, bu mexanizm orqali har yili o‘n minglab tayyor mutaxassislar mehnat bozoriga chiqadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlari soni 27 taga yetdi. Bugungi kunda qariyb 400 ta xorijiy kompaniya o‘zbekistonliklarni ishga qabul qilmoqda.
Yangi yondashuvga ko‘ra, asosiy e’tibor fuqarolarni bo‘sh ish o‘rinlariga moslashtirish emas, balki ularni aniq ish beruvchilar buyurtmasi asosida tayyorlashga qaratiladi.
Xorijdagi bo‘sh ish o‘rinlari, kasb talablari, til kurslari va o‘qish imkoniyatlari haqidagi ma’lumotlar mahallagacha yetkaziladi. Xorijda ishlash istagidagi fuqarolar “Onlayn mahalla” platformasiga kiritilib, ularning tayyorgarligi va ishga joylashishi mahalliy hokimiyatlar nazoratida bo‘ladi.
2027-yildan boshlab fuqarolarni xorijga ishga yuborishda xususiy bandlik agentliklarining o‘rni kuchaytiriladi. Yuqori daromadli ishga joylashtirilgan har bir fuqaro uchun agentliklarga 1,5 million so‘m rag‘bat puli beriladi. Ularning faoliyati natijalari ochiq reyting orqali baholanadi.
Yig‘ilishda xorijda ishlayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ham muhokama qilindi. Endi ular muammolari haqida “Onlayn mahalla” platformasi orqali murojaat qila oladi. Zarurat tug‘ilganda diplomatik vakolatxonalar ham jarayonga jalb etiladi.
Shuningdek, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolar uchun alohida platforma yaratiladi. Unda ularning kasbi, ish tajribasi va mehnat staji aks ettiriladi. Yil boshidan buyon 1 million 116 ming kishi O‘zbekistonga qaytgan bo‘lib, yil yakunigacha ularning 250 ming nafarini ish bilan ta’minlash yoki tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga ko‘maklashish rejalashtirilgan.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi
