Bangladeshlik juftlik Saudiya Arabistonida qatl etildi

Dunyo 20 oktyabr, 15:39
Bangladeshlik juftlik Saudiya Arabistonida qatl etildi

Saudiya Arabistonida Bangladesh fuqarolari Nazrul Islom Abdul Basir va Siti Axtarga chiqarilgan o‘lim jazosi ijro etildi. Hukm 14-oktabr kuni Makka hududida amalga oshirilgan.

Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sud ularni masjidda «nomaqbul xatti-harakatlar» sodir etish va muqaddas joy hurmatini buzishda aybdor deb topgan.

Hukm yuqori sud instansiyasida tasdiqlanib, uni ijro etish bo‘yicha qirollik farmoni chiqarilgan. O‘lim jazosi ta’zir tartibida tayinlangan. Bu islom huquqida jazosi oldindan qat’iy belgilanmagan qilmishlar bo‘yicha sud belgilaydigan jazo turini anglatadi.

Ozarbayjonning BR.az nashri qatl etilganlarni er-xotin deb atagan. Nashr ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga tayanib, ish masjid hududidagi quchoqlashish va o‘pish aks etgan video bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini yozgan. Biroq Saudiya Arabistoni rasmiylari aynan qanday harakat sodir etilganini ochiqlamagan. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu tafsilotlar rasman tasdiqlanmagan.

Rasmiy xabarda er-xotin qachon ushlangani, sud jarayoni qancha davom etgani, qanday dalillar ko‘rib chiqilgani va ularga mustaqil yuridik yordam ko‘rsatilgani haqida ma’lumot berilmagan.

BR.az ma’lumotiga ko‘ra, Bangladesh Tashqi ishlar vazirligi va Jiddadagi konsullik qatl haqida oldindan xabardor qilinmagan. Bangladesh tomoni Saudiya Arabistoni vakolatli organlaridan ish tafsilotlarini so‘ragan.

Ijtimoiy tarmoqlarda qatl etilganlarning sakkiz yoshli farzandi borligi ham yozilgan. Biroq bu ma’lumotni tasdiqlovchi rasmiy bayonot yoki sud hujjati e’lon qilinmagan.

Saudiya Arabistoni o‘lim jazosini eng ko‘p qo‘llaydigan davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Amnesty International inson huquqlari tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda qirollikda 356 kishi qatl etilgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Saudiya Arabistoni faqat Xitoy va Erondan keyingi o‘rinni egallagan.

Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon mamlakatda 170 nafardan ortiq kishiga chiqarilgan o‘lim jazosi ijro etilgan.

11,2560

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→