Yangiliklar/Jamiyat

Toshkentda qizamiqqa gumon qilingan 290 kishi aniqlandi

Jamiyat 19 oktyabr, 15:44
Toshkentda qizamiqqa gumon qilingan 290 kishi aniqlandi

Toshkentda qizamiqqa gumon qilingan 290 kishi ro‘yxatga olindi. Sanepidqo‘mita qancha bemorda tashxis laboratoriya orqali tasdiqlanganini ma’lum qilmadi.

Qizamiqqa gumon qilinishi yakuniy tashxis hisoblanmaydi. Infeksiyani tasdiqlash uchun qonda maxsus IgM antitanachalari aniqlanadi va nafas yo‘llaridan olingan namuna PZR usulida tekshiriladi. Laboratoriya tekshiruvi alohida kasallanish holatlari va epidemik o‘choqlarda ayniqsa muhim.

Mutaxassislar kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lgan 10 039 kishini aniqladi. Ularning 1 623 nafari avval emlanmagan. Bu fuqarolar epidemiologik ko‘rsatmalar asosida vaksinatsiya qilindi.

Poytaxtda jami 78 259 kishi qizamiqqa qarshi emlandi. Rejali emlash doirasida bir yoshli 47 494 nafar bola va olti yoshli 42 767 nafar bola vaksina oldi. Ushbu ikki ko‘rsatkich yig‘indisi emlanganlarning umumiy sonidan ko‘p. Idora ma’lumotlar turli davrlar yoki alohida emlash dasturlariga tegishli ekanini izohlamadi.

Ko‘kyo‘tal bo‘yicha 118 kishi, difteriya bo‘yicha esa 4 384 kishi tekshirildi. Ijobiy natijalar aniqlanmadi.

Qizamiq yo‘talish, aksirish va nafas olish paytida havo orqali tarqaladi. Virus havoda yoki zararlangan yuzalarda ikki soatgacha faol qolishi mumkin. Immunitetga ega bo‘lmagan odamlar orasida bir bemor 18 kishigacha infeksiya yuqtirishi mumkin.

Bemor toshma paydo bo‘lishidan to‘rt kun oldin va undan keyingi to‘rt kun davomida infeksiyani boshqalarga yuqtirishi mumkin. Kasallik alomatlari odatda muloqotdan 7–14 kun o‘tib boshlanadi. Dastlab yuqori harorat, yo‘tal, tumov va ko‘zlarning qizarishi kuzatiladi, keyin tanada toshma paydo bo‘ladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, qizamiq pnevmoniya, ensefalit, og‘ir diareya, suvsizlanish va ko‘rish qobiliyatining zararlanishiga olib kelishi mumkin. Besh yoshgacha bo‘lgan bolalar, homiladorlar va immuniteti zaif kishilarda asoratlar xavfi yuqori.

Barqaror himoya uchun vaksinaning ikki dozasi kerak. CDC ma’lumotiga ko‘ra, vaksinaning bir dozasi qizamiqdan taxminan 93 foiz, ikki dozasi esa 97 foiz himoya qiladi.

7530

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→