Yangiliklar/Jamiyat

Qizil kitobdagi ayiqni noqonuniy ovlaganlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jamiyat 19 oktyabr, 16:15
Qizil kitobdagi ayiqni noqonuniy ovlaganlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida Qizil kitobga kiritilgan Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i va uchta yovvoyi to‘ng‘izni noqonuniy ovlash bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Samarqand va Surxondaryo viloyatlari ekologiya boshqarmalari xodimlari o‘tkazgan reyd davomida oq rangli Niva Legend avtomobili to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Avtomobilning tomidagi yukxonada turgan sakkizta qopdan bitta ayiq va uchta yovvoyi to‘ng‘iz qoldiqlari topildi.

Mashinadan, shuningdek:

  • uchta o‘yiq stvolli ov quroli;
  • MS-2112 rusumli silliq stvolli ov quroli;
  • Monza rusumli o‘yiq stvolli ov quroli;
  • 7,62 millimetr kalibrli 43 ta jangovar patron;
  • mayda sochmali 56 ta patron;
  • yana 13 ta jangovar patron;
  • ikkita durbin;
  • ikkita ovoz pasaytirgich;
  • pichoqlar, fonarlar va bolta topildi.

Noqonuniy ov oqibatida hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar 679 mln 800 ming so‘mga baholandi.

Qurollar, o‘q-dorilar, ruxsatnomalar va ovchilik guvohnomalari Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga vaqtincha saqlash uchun topshirildi. Avtomobil jarima maydoniga joylashtirildi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 202-moddasi uchinchi qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan noyob hayvonlardan biridir. Qizil kitobga kiritilgan turlar davlat muhofazasida bo‘ladi.

7280

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→