Yangiliklar/Jamiyat

Toshkentda avtobuslar uchun 17,9 km uzunlikdagi alohida yo‘laklar tashkil etiladi

Jamiyat 16 oktyabr, 20:45
Toshkentda avtobuslar uchun 17,9 km uzunlikdagi alohida yo‘laklar tashkil etiladi

Toshkentda umumiy uzunligi 17,9 km bo‘lgan to‘rtta yo‘l qismida avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 16-oktabr kuni poytaxt hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mutaxassislar jamoat transporti qatnovi yo‘lga qo‘yilgan 150 km dan ortiq yo‘lni tahlil qilib, birinchi bosqich uchun to‘rtta yo‘nalishni tanlagan.

Loyiha quyidagi ko‘chalarni qamrab oladi:

  • Muqimiy ko‘chasi — Yashnobod va Chilonzor tumanlari hududida 4,6 km;
  • Qoratosh va Ko‘kcha Darvoza ko‘chalari — Shayxontohur tumanida 4,2 km;
  • Parkent ko‘chasi — Mirzo Ulug‘bek tumanida 2,8 km;
  • Mirzo Ulug‘bek shoh ko‘chasi — Mirzo Ulug‘bek tumanida 6,3 km.

Ushbu yo‘l qismlarida yo‘l qoplamasini ta’mirlash va jamoat transporti uchun alohida harakatlanish yo‘laklarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Hokimning tegishli qarori imzolangan. Hozirda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun budjet shakllantirilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu maqsadlar uchun qariyb 6,5 mlrd so‘m talab etiladi. Mablag‘larni Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasidan ajratish rejalashtirilgan.

Qurilish ishlari boshlanishidan oldin mutaxassislar muhandislik kommunikatsiyalarini tekshiradi. Zarurat bo‘lsa, tarmoqlar ta’mirlanadi, boshqa joyga ko‘chiriladi yoki almashtiriladi. Loyihalarda piyodalar uchun xavfsiz yo‘laklar, avtobus bekatlari, yo‘l belgilari va yoritish tizimi ham ko‘zda tutilishi kerak.

Yo‘l qoplamasida polimer qo‘shimchali chaqiqtosh-mastikali asfaltbetondan foydalanish rejalashtirilgan.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, alohida avtobus yo‘laklari jamoat transportining tezligi va qulayligini oshirishga xizmat qiladi. Poytaxt ma’muriyati ma’lumotida Toshkentdagi avtomobillar soni har yili qariyb 30 mingga ko‘payayotgani qayd etilgan.

Hozircha qurilish ishlari qachon boshlanishi va qachon yakunlanishi haqida ma’lumot berilmagan.

1,4300

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→