Yangiliklar/Siyosat

Biznes nomi belgilari endi reklama sifatida hisoblanmaydi

Siyosat 16 oktyabr, 11:00
Biznes nomi belgilari endi reklama sifatida hisoblanmaydi

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekistonda tashqi reklamani joylashtirish qoidalarini o‘zgartirdi.

Tadbirkor foydalanayotgan bino fasadidagi peshlavha biznes nomi, faoliyat turi, firma nomi, tovar belgisi yoki xizmat ko‘rsatish belgisini ko‘rsatsa, reklama hisoblanmaydi. Bunday peshlavha uchun reklama joyi pasporti talab etilmaydi. Qarorda ularning soni va o‘lchami bo‘yicha cheklov belgilanmagan.

Avval rasmiylashtirilgan reklama joyi pasportini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bekor qilish mumkin. Elektron ariza yuborilgach, pasport avtomatik ravishda bekor qilinadi va ma’lumot soliq organlariga jo‘natiladi.

Yuridik shaxsga tegishli transport vositasida reklama joylashtirish uchun YIDXP orqali xabarnoma yuborish kifoya. Reklama joyi pasporti avtomatik va bepul shakllantiriladi.

Xabarnomada noto‘g‘ri ma’lumot berilsa yoki boshqa shaxsga tegishli tovar belgisidan foydalanilsa, pasport bekor qilinadi.

Qurilish maydonlarida qisqa muddatli reklamani qurilish tugaguniga qadar joylashtirish mumkin. Bayram va boshqa tadbirlar paytida reklama ko‘pi bilan 30 kalendar kun turishi mumkin.

Noqonuniy reklama konstruksiyasini majburiy demontaj qilishdan oldin uning egasi yozma ravishda ogohlantiriladi. Ishlarning sanasi va vaqti kamida ikki kun oldin e’lon qilinishi kerak. Demontaj ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha o‘tkaziladi.

Konstruksiya olib tashlangach, demontaj sababi, obyektning holati, fotosuratlari va saqlash manzili ko‘rsatilgan dalolatnoma tuziladi. Egasi noma’lum bo‘lsa yoki hujjatni imzolashdan bosh tortsa, dalolatnomani mahalla raisi imzolaydi.

Toshkent shahar hokimligi 2026-yil 10-dekabrgacha poytaxt dizayn-kodini tadbirkorlar, OAV va Savdo-sanoat palatasi bilan muhokama qiladi. Takliflar shahar Kengashiga kiritiladi.

1,0440

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→