Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekistonda nikoh yoshini buzganlik uchun jarimalar 22 mln so‘mgacha oshirildi

Siyosat 15 oktyabr, 12:33
O‘zbekistonda nikoh yoshini buzganlik uchun jarimalar 22 mln so‘mgacha oshirildi

O‘zbekistonda nikoh yoshi va nikoh tuzish tartibi bo‘yicha talablarni buzganlik uchun jarimalar oshirildi. Prezident 14-oktabr kuni imzolagan qonun shu sanadan kuchga kirdi.

Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan amalda er-xotin bo‘lib yashash uchun 10–15 BHM, ya’ni 4,4 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mgacha jarima belgilanadi. Avval jarima 5–10 BHM edi.

Ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxsning nikoh yoshiga yetmagan farzandini turmushga berishi yoki uylantirishi uchun jarima 20–25 BHMgacha oshirildi. Bu 8,8 mln so‘mdan 11 mln so‘mgacha degani. Ilgari jarima 7–15 BHMni tashkil etgan.

Qonuniy tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan nikoh bo‘yicha diniy marosim o‘tkazganlik uchun 30–50 BHM, ya’ni 13,2 mln so‘mdan 22 mln so‘mgacha jarima solinadi. Bu talab nikoh yoshiga yetmagan shaxs ishtirokidagi diniy nikoh marosimlariga ham taalluqli. Avval bunday huquqbuzarlik uchun jarima 15–30 BHM edi.

O‘zbekistonda bazaviy hisoblash miqdori 2026-yil 1-sentabrdan 440 ming so‘m etib belgilangan. O‘zgartirishlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-3-moddasiga kiritildi. Mamlakatda erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi 18 yosh etib belgilangan. Alohida hollarda tuman yoki shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.

2026-yil 1-sentabrdan nikoh yoshi yoki nikoh tuzish tartibi buzilgani haqida xabar bergan shaxslarni undirilgan jarimaning 15 foizigacha bo‘lgan qismi hisobidan rag‘batlantirish mumkin.

2027-yildan ilk bor nikoh qurayotgan va har ikki tomoni kamida 21 yoshga to‘lgan yosh oilalarga qo‘shimcha imtiyozlar hamda boshqa ko‘mak choralari berilishi rejalashtirilgan.

2,0840

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→