Afg‘onistonda to‘ylarda mushakbozlik taqiqlandi

Dunyo 15 oktyabr, 20:01
Afg‘onistonda to‘ylarda mushakbozlik taqiqlandi

Afg‘oniston hukumati to‘ylar va boshqa bayram tadbirlarida mushak, petarda hamda shovqin chiqaradigan pirotexnika vositalaridan foydalanishni taqiqladi.

Taqiq pirotexnikani ishlatish bilan cheklanmaydi. Uni ishlab chiqarish, Afg‘onistonga olib kirish, sotish, xarid qilish va tarqatish ham man etildi. Talab aholi, do‘kon egalari, importerlar, ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilarga taalluqli.

Vazirlik mushak va petardalarning baland ovozi bolalar, ayollar, keksa kishilar va shifoxonalardagi bemorlarda qo‘rquv hamda xavotir uyg‘otishini bildirdi. Idora bayramlar atrofdagilarga xalaqit bermaydigan tarzda o‘tkazilishi kerakligini ta’kidladi.

Qoidani buzganlarga Afg‘onistonda amal qilayotgan talablar va shariat me’yorlari asosida chora ko‘riladi. Bayonotda jarima, mahsulotni musodara qilish yoki boshqa jazo turlari ko‘rsatilmagan.

Petardalar aylanmasi avval ham cheklangan

2026-yil aprelida Sanoat va savdo vazirligi tadbirkorlarga petardalarni olib kirish, ishlab chiqarish va ishlatishni to‘xtatish haqidagi farmoyishni yetkazgan edi. Qaror aholining shikoyatlari va baxtsiz hodisalar xavfi bilan izohlangan.

Yangi tartib pirotexnikadan to‘ylar, oilaviy marosimlar va boshqa bayramlarda foydalanishni butun mamlakat bo‘ylab alohida taqiqlaydi.

Pirotexnika haqidagi bayonotda ayollar va bolalarni qo‘rquvdan himoya qilish alohida qayd etilgan. Ayni paytda Afg‘oniston qizlar va ayollar uchun o‘rta hamda oliy ta’lim amalda yopiq bo‘lgan yagona mamlakat bo‘lib qolmoqda. Qizlarning oltinchi sinfdan keyingi ta’limi 2021-yil sentabrdan, ayollarning universitetlarda o‘qishi esa 2022-yil dekabrdan cheklangan.

UNICEF ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil avgustiga kelib 2,6 milliondan ortiq afg‘on qizi o‘rta ta’lim olish imkonidan mahrum bo‘lgan.

60

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→