Yangiliklar/Jamiyat

Tomorqada issiqxona qurgan oilalarga 200 mln so‘mgacha subsidiya beriladi

Jamiyat 14 oktyabr, 12:40
Tomorqada issiqxona qurgan oilalarga 200 mln so‘mgacha subsidiya beriladi

O‘zbekistonda tomorqa yerlarida issiqxona tashkil etadigan oilalarga 200 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Bu 13-oktabrda qabul qilingan PQ-371-sonli prezident qarorida belgilangan.

Subsidiya Toshkent viloyatining issiqxonachilikka ixtisoslashgan 50 ta mahallasidagi oilalarga beriladi. Mablag‘lar Kambag‘allikni qisqartirish maqsadli jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

Tomorqa yoki dehqon xo‘jaligi yeriga ega fuqarolarga oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida:

  • «yashil» texnologiyalarga asoslangan issiqxona qurish uchun 300 mln so‘mgacha;
  • mavjud issiqxonani qayta jihozlash uchun 150 mln so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi.

2030-yil 1-yanvargacha Toshkent, Zangiota, Qibray, Yangiyo‘l va Yuqori Chirchiq tumanlaridagi tomorqa issiqxonalari uchun energiya tejamkor uskunalarni xarid qilish va o‘rnatish xarajatining 40 foizi qoplab beriladi.

Bir martalik subsidiya 100 mln so‘mdan oshmaydi. Mablag‘ quyidagi uskunalar uchun ajratiladi:

  • quyosh panellari;
  • issiqlik nasoslari;
  • infraqizil isitish qurilmalari;
  • boshqa energiya tejamkor uskunalar.

2026-yil 1-noyabrdan 2030-yil 1-aprelgacha energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanadigan issiqxona xo‘jaliklariga oktyabr-mart oylarida sarflangan elektr energiyasi qiymatining 50 foizi subsidiya sifatida qoplab beriladi.

Imtiyoz issiqlikni saqlovchi maxsus qoplamalar, issiqlik nasoslari, geotermal va quyosh isitish tizimlari hamda yuqori samarali elektr isitish uskunalaridan foydalanadigan xo‘jaliklarga tatbiq etiladi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi nol foiz etib belgilanadi. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari va baliqchilik korxonalarining o‘zi yetishtirgan mahsulotni sotishdan olgan foydasiga ham nol foizlik foyda solig‘i qo‘llanadi.

Issiqxona faoliyatidan olgan daromadi jami tushumining kamida 60 foizini tashkil etadigan xo‘jaliklar uchun:

  • 2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvargacha ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi;
  • 2027-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvargacha yer va mol-mulk solig‘i stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.
1,7420

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→