Shakiraning Bishkekdagi konserti Qirg‘iziston iqtisodiyotiga $30 mln keltirishi mumkin

Dunyo 14 oktyabr, 16:56
Shakiraning Bishkekdagi konserti Qirg‘iziston iqtisodiyotiga $30 mln keltirishi mumkin

Kolumbiyalik xonanda Shakiraning 18-oktabr kuni Bishkek Arenada bo‘lib o‘tadigan konserti Qirg‘iziston iqtisodiyotiga qariyb 30 mln dollar keltirishi mumkin, deb yozmoqda Cronos.Asia mahalliy rasmiylar hisob-kitobiga tayanib.

Konsertga 60 mingga yaqin tomoshabin kelishi kutilmoqda. Ularning 30 ming nafari xorijiy sayyohlar bo‘lishi mumkin.

Qirg‘iziston Turizmni rivojlantirish davlat agentligi direktori Eduard Kubatovning hisob-kitobiga ko‘ra, har bir xorijiy mehmon chipta, mehmonxona, transport va boshqa xizmatlar uchun o‘rtacha 940 dollar sarflaydi. Shunda sayyohlarning umumiy xarajati 28,2 mln dollarga yetadi. Tadbirning jami iqtisodiy samarasi esa 30 mln dollarga yaqinlashishi mumkin.

Bu hozircha prognoz bo‘lib, konsertdan tushgan yakuniy daromad emas.

Shakira 17-oktabr kuni Bishkekka kelishi kutilmoqda. Konsert chiptalarini 32 ga yaqin mamlakat aholisi, jumladan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya, Yevropa va Amerika davlatlari hamda Singapur fuqarolari sotib olgan.

Xonandaning gonorarini xususiy tashkilot to‘laydi

Qirg‘iziston prezidenti Ish boshqarmasi rahbari Kanibek Tumanbayevning ma’lum qilishicha, Shakiraning gonorari davlat budjetidan to‘lanmaydi. Konsertni xususiy kompaniya tashkil qilmoqda va chiqish bilan bog‘liq xarajatlarni o‘zi qoplaydi.

Davlat idoralari xavfsizlik va tashkiliy masalalarda qatnashadi. Bishkek Arena prezident Ish boshqarmasi tasarrufida bo‘lgani uchun davlat tuzilmalari tadbirni o‘tkazishga jalb qilingan.

Qirg‘iziston hukumati konsert mamlakatning xalqaro tanilishiga va turizm salohiyatini targ‘ib qilishga yordam berishini kutmoqda.

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Bishkek Arena yiliga 15–20 ta yirik tadbir o‘tkazsa, besh-yetti yil ichida o‘zini oqlashi mumkin. Bu prognoz tadbirlar soni, tomoshabinlar tashrifi, ijara daromadi va stadionni saqlash xarajatlariga bog‘liq.

3,1460

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→