O‘zbekistonda 4,3 mln gektardan ortiq yaylovni tiklash rejalashtirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaylovlar degradatsiyasini kamaytirish, suv ta’minotini yaxshilash va ulardan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi.
O‘zbekistonda 21,25 mln gektar yaylov bor, ammo ularning 40 foizidan samarali foydalanilmoqda. Yil oxirigacha 620 ming gektar, 2027-yilda esa 3,7 mln gektar yaylovni tiklash va hosildorligini oshirish rejalashtirildi.
Hokimliklar Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi bilan bir oy ichida hududiy dasturlarni tasdiqlaydi. Dasturlar degradatsiyaga uchragan yaylovlarni 2026-yilda 10 foizga, 2027-yilda 20 foizga qisqartirishga qaratiladi.
Yaylovlarni ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar hududiy yaylov xo‘jaliklari tasarrufida qoldiriladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 448 ta yangi quduq qazilib, 2027-yilda 1,5 mln gektar yaylovning suv ta’minoti yaxshilanadi.
Yil oxirigacha yana 1,6 mingta quduq ta’mirlanadi.
Budjetdan ajratilgan 100 mlrd so‘m hisobidan 2026-yilda 161 ta, 2027 va 2028-yillarda esa 81 tadan sug‘orish inshooti quriladi. Jami 323 ta inshoot 969 ming gektar yaylovni tiklash imkonini beradi.
Yaylovlar va ulardagi yerosti suvlarini muhofaza qilish, shuningdek, degradatsiyaga qarshi kurashish tartibi hukumatning 2024-yildagi qarorida ham belgilangan.
Navoiy viloyatida mahalliy budjetdan ajratilgan 30 mlrd so‘m hisobidan «Kengsoy» nasos stansiyasi rekonstruksiya qilinmoqda. Loyiha orqali 20 ming gektar yaylov o‘zlashtiriladi.
Hududdagi 11 nafar tadbirkor suv havzalari qurish va yomg‘irlatib sug‘orishni joriy etishni boshlagan. Natijada 60 ming bosh qoramol uchun yiliga 250 ming tonna ozuqa yetishtirish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.
Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidagi 1 332 gektar yaylovda pivot sug‘orish tizimi o‘rnatilib, mahalliy iqlimga mos ozuqabop o‘simliklar ekilmoqda. Ushbu tajriba Muborak va Dehqonobod tumanlarida ham joriy etiladi.
Bir yil ichida 9,4 ming gektar ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi maydonlari tashkil qilinadi.
Olis hududlardagi aholi chorvasini boqishi uchun jamoat yaylovlari tashkil etiladi. Yil oxirigacha 470 ta mahallaga 627 ming gektar yaylov 49 yilga bepul ijaraga beriladi. Ushbu yerlar soliqdan ozod qilinadi.
Uzoq yillardan beri yaylovlardan foydalanayotgan chorvadorlarning yerga bo‘lgan huquqlari ham rasmiylashtiriladi. Hozir 260 ming bosh chorva boqilayotgan 623 ming gektar yaylovni amaldagi foydalanuvchilar nomiga o‘tkazish bo‘yicha komissiya vakolati yil oxirigacha uzaytiriladi.
O‘zbekistonda yaylovlardan foydalanish huquqi, ularni tiklash, muhofaza qilish va monitoring qilish tamoyillari «Yaylovlar to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solinadi.
Yangi tartib bo‘yicha yer toifasini o‘zgartirmasdan yaylovlarda chorvachilik komplekslari qurish mumkin bo‘ladi. Yer uchastkasining boshlang‘ich narxi va solig‘i qishloq xo‘jaligi yerlari uchun belgilangan tartibda hisoblanadi.
Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida 130 gektar maydonda 55 ming boshdan ortiq chorvaga mo‘ljallangan 15 ta kompleks quriladi.
Yaylovlarni ekoturizm, asalarichilik, dorivor o‘simliklar yetishtirish, ko‘chatchilik, ovchilik va pillachilik uchun ijaraga berishga ham ruxsat etiladi. Bunda yaylovlarning tabiiy holatini saqlash va qayta tiklash talab qilinadi.
Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha zamonaviy boshqaruv mexanizmlari 2025-yildagi prezident farmonida belgilangan.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi
