Oʻzbekiston xalqaro posilkalarni qayta ishlash uchun toʻlovni 20% ga kamaytiradi

O‘zbekistonda 2026-yil 1-noyabrdan xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun undiriladigan yig‘im amaldagi stavkaga nisbatan 20 foizga kamaytiriladi.
Bu prezidentning 12-oktabrdagi «Transport-logistika tizimini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-368-son qarorida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, 2030-yilgacha transport-logistika markazlarining yillik quvvatini kamida 40 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Transport va logistika xizmatlari eksporti 3,5 mlrd dollarga, O‘zbekiston hududi orqali tranzit yuk tashish hajmi esa 18,5 mln tonnaga olib chiqiladi.
Xalqaro talablarga javob beradigan quruqlik portlari soni 24 tadan 30 taga oshiriladi. Chegara o‘tkazish punktlarining yuk o‘tkazish imkoniyati va logistika markazlarining konteynerlarga ishlov berish quvvati ikki baravar ko‘paytiriladi.
Andijon viloyatining Xonobod shahri, Buxoro viloyatining Olot tumani, Surxondaryo viloyatining Termiz tumani hamda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari transport-logistika xizmatlariga ixtisoslashtiriladi.
Logistika markazlariga soliq imtiyozi beriladi
Belgilangan talablarga javob beradigan transport-logistika markazlari 2040-yilgacha yer va mol-mulk soliqlaridan ozod qilinadi.
Buning uchun markaz:
- ESCAPning quruqlik portlari haqidagi bitimiga kiritilgan bo‘lishi;
- terminallarni boshqarish uchun TOS tizimini joriy etishi;
- omborlarni boshqarish uchun WMS tizimidan foydalanishi;
- E-logistika platformasida BB yoki undan yuqori reytingga ega bo‘lishi kerak.
Logistika markazlarining boshqaruv tizimlari 2030-yil oxirigacha Transport vazirligining E-logistika platformasiga ulanadi.
Maxsus reyestrga kiritilgan markazlar 2029-yil 1-avgustgacha O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan ombor uskunalari, yuk ortish va tushirish texnikasi, agregatlar hamda ehtiyot qismlarni bojxona bojisiz olib kirishi mumkin. Ushbu mahsulotlar majburiy sertifikatlashdan ham ozod qilinadi.
Transport ishlab chiqaruvchilariga ham imtiyoz beriladi
M₂ va M₃ toifasidagi yo‘lovchi tashish transporti hamda N toifasidagi yuk avtomobillarini ishlab chiqaruvchi korxonalar 2027-yil 31-dekabrgacha mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan butlovchi qismlarni bojxona boji to‘lamasdan import qilishi mumkin.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi
