O‘zbekistonda shirin ichimliklarni rangli yorliqlar bilan belgilash taklif qilindi

O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan alkogolsiz ichimliklarni tarkibidagi shakar miqdoriga qarab rangli yorliqlar bilan belgilash taklif qilindi. Sog‘liqni saqlash vazirligi hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Talablar mahalliy va import ichimliklarga tatbiq etiladi. 100 ml mahsulot tarkibidagi shakar miqdoriga qarab uch xil ogohlantirish belgisi qo‘llanadi:
- 5 grammdan 8 grammgacha: sariq fonda qora rang bilan «O‘rtacha miqdorda shakar»;
- 8 grammdan 11 grammgacha: to‘q sariq fonda qora rang bilan «Yuqori miqdorda shakar»;
- 11 gramm va undan ko‘p: qizil fonda oq rang bilan «Juda yuqori miqdorda shakar. Tez-tez iste’mol qilish sog‘liq uchun zararli».
Ogohlantirish qadoqning old tomonida joylashtirilib, uning umumiy maydonining kamida 15 foizini egallashi kerak. Qadoqda mahsulot tarkibi, kaloriyasi va tavsiya etilgan kunlik iste’mol miqdori haqidagi ma’lumotlarga olib boruvchi QR-kod ham bo‘ladi.
Hujjat hozircha loyiha bo‘lib, uning talablari va muddatlari muhokama yakunida o‘zgarishi mumkin.
Shakar miqdori laboratoriyalarda tekshiriladi
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi 2027-yil 1-martgacha shakar miqdorini aniqlashning yagona laboratoriya usulini tasdiqlashi kerak. 1-sentabrgacha tahlillarni akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.
Qo‘mita belgilangan ko‘rsatkichlardan ortiq shakar saqlovchi ichimliklar ro‘yxatini har chorakda e’lon qiladi.
2027-yil 1-dekabrgacha shirin ichimliklarni kuzatish uchun raqamli platformani bosqichma-bosqich ishga tushirish rejalashtirilgan. U Asl Belgisi milliy raqamli markirovkalash tizimiga qo‘shiladi.
Platformada har bir ichimlikning 100 millilitridagi shakar miqdori va ishlatilgan shirinlashtiruvchilar qayd etiladi. Laboratoriya natijalari ishlab chiqaruvchi ko‘rsatgan ma’lumotlar bilan mahsulotning haqiqiy tarkibini solishtirish imkonini beradi.
Import qiluvchilar uchun shakar miqdorini elektron deklaratsiya qilish tizimi 2028-yil 1-yanvargacha joriy etilishi mumkin. Yangi talablarga mos yorliq bo‘lmagan ichimliklarni mamlakatga olib kirish taqiqlanadi.
2027-yildan ta’lim muassasalarida noto‘g‘ri yorliqlangan ichimliklar savdosini bosqichma-bosqich cheklash ham taklif etilgan. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi nazorat xaridlarini o‘tkazadi.
Ishlab chiqaruvchilar muddatlarga e’tiroz bildirdi
O‘zbekiston alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilari uyushmasi UzBev talablarni taklif etilgan shaklda joriy qilishga qarshi chiqdi.
Uyushma ogohlantiruvchi yorliqlar faqat ichimliklarga qo‘llanishini noto‘g‘ri deb hisoblaydi. Shakar qandolat mahsulotlari, pishiriqlar, sutli desertlar, muzqaymoq va souslarda ham mavjud. Ishlab chiqaruvchilar fikricha, bunday mahsulotlarda ogohlantirish bo‘lmasa, xaridorda ular sog‘lomroq degan noto‘g‘ri tasavvur paydo bo‘lishi mumkin.
UzBev muddatlardagi nomuvofiqlikka ham e’tibor qaratdi. Majburiy yorliqlashni 2027-yil 1-yanvardan boshlash, laboratoriya tekshiruvi usulini esa faqat 1-martgacha tasdiqlash taklif qilinmoqda. Shu sababli ishlab chiqaruvchilar dastlabki ikki oyda shakar miqdorini qaysi tartibda aniqlashi va qanday tahlil natijalari rasmiy deb tan olinishi noma’lum.
Uyushma ma’lumotiga ko‘ra, yangi yorliqni tayyorlash kamida uch oy davom etadi. Korxonalar qadoqlash materiallarini oldindan katta hajmda xarid qilgani uchun qisqa muddatda yangi talabga o‘tish qo‘shimcha xarajatlar va tayyor qadoqlarni hisobdan chiqarishga olib kelishi mumkin.
Ishlab chiqaruvchilar avval aholining ovqatlanish tartibini o‘rganish, shakarning asosiy manbalarini aniqlash va yangi yorliqlarni iste’molchilar orasida sinovdan o‘tkazishni taklif qilmoqda. Shundan so‘ng ogohlantirish tizimini boshqa oziq-ovqat toifalariga ham tatbiq etish mumkin.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi
