Yangiliklar/Siyosat

Yangi Toshkentda 1 mlrd dollarlik yettita obyekt ishga tushirildi

Siyosat 12 oktyabr, 10:21
Yangi Toshkentda 1 mlrd dollarlik yettita obyekt ishga tushirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda umumiy qiymati 1 mlrd dollar bo‘lgan yettita obyektni ishga tushirish hamda yana 2,5 mlrd dollarlik o‘nta loyihaning qurilishini boshlash marosimida ishtirok etdi.

Ishga tushirilgan obyektlar:

  • “Sharq bahori” turar joy majmuasining qariyb 7 ming xonadondan iborat birinchi bosqichi;
  • avtomobil yo‘llari va muhandislik infratuzilmasi;
  • “Yangi Toshkent” 1-son nimstansiyasi;
  • trigeneratsiya stansiyasi;
  • Savdo-sanoat palatasi binosi;
  • “Sohil bog‘i” istirohat bog‘i;
  • 2 ming o‘rinli umumta’lim maktabi.

Uch yil avval qurilishi boshlangan shaharda hozirgacha 2 mlrd dollarlik ishlar bajarilgan. Turar joylar, universitetlar, kutubxona, amfiteatr va muhandislik obyektlari qurilgan.

Trigeneratsiya stansiyasi 100 ming xonadonga xizmat ko‘rsatadi

Turkiyaning MIMSAN kompaniyasi ishtirokida 73 mln dollar investitsiya hisobiga qurilgan trigeneratsiya stansiyasi 100 ming xonadonni markazlashgan tarzda isitish va sovitish imkonini beradi. Stansiyada elektr energiyasi ham ishlab chiqariladi.

Xitoyning Haocheng Industry Group Limited kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilgan nimstansiya va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarining qiymati 95 mln dollarni tashkil etdi.

Shaharda 18 kilometr avtomobil yo‘li qurilib, 13 kilometr kanalizatsiya va 4,5 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortildi. O‘n kilometrlik “Sohil bog‘i”da piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etildi.

Deep Tech Park uchun 320 mln dollar yo‘naltiriladi

Marosimda Xitoy, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlar kompaniyalari ishtirokidagi o‘nta yangi loyiha qurilishiga start berildi. Ularning umumiy qiymati 2,5 mlrd dollarni tashkil etadi.

Yangi loyihalardan biri yuqori texnologik mahsulotlar va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Deep Tech Park sanoat hududidir. Uni qurishga 320 mln dollar yo‘naltiriladi. Keyinchalik hududda umumiy qiymati 1,7 mlrd dollarlik loyihalarni joylashtirish rejalashtirilgan.

Finlyandiyaning MariMatic kompaniyasi ishtirokida chiqindilarni avtomatik yig‘ish va ulardan “yashil” elektr energiyasi olish tizimi tashkil etiladi. Ko‘p kvartirali uylar tomiga umumiy quvvati 20 megavatt bo‘lgan quyosh panellari ham o‘rnatiladi.

Yangi Toshkent poytaxt bilan qo‘shimcha yo‘l orqali bog‘lanadi

Temur Malik ko‘chasi va 4R12 avtomobil yo‘li o‘rtasida ko‘prik, yo‘l o‘tkazgich hamda o‘n kilometrlik yo‘l quriladi. Loyiha Yangi Toshkent bilan poytaxtning amaldagi hududi o‘rtasidagi transport aloqasini yaxshilashi kerak.

Metro bekatlari bilan bog‘langan yerosti avtoturargohini qurish ham rejalashtirilgan.

Maydoni 818 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan Metropolis Business City majmuasida ofislar, mehmonxona, turar joy va xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashadi. Shundan 500 ming kvadrat metr maydon biznes uchun ajratiladi. Majmuada 1,5 mingta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Yangi loyihalar qatoriga Silk City, “Mavj” va “Marjon” turar joy majmualari hamda 120 o‘rinli Yangi Toshkent markaziy shifoxonasi ham kiritilgan.

Birinchi bosqichdagi loyihalar 50 mlrd dollarga baholangan

Yangi Toshkent qurilishining birinchi bosqichida zamonaviy texnologiyalarga asoslangan 50 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Shaharda 2 ming gektar yashil hudud va 500 gektar istirohat bog‘i tashkil etiladi. “Yashil qurilish standartlari” asosida 150 mln kvadrat metr turar va noturar joy maydoni barpo qilinadi.

Yangi shahar uchun Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 720,9 gektar yer ajratilgan. Dastlabki bosqichda 2 420 gektar hududda qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilishi belgilangan. Bosh rejani ishlab chiqishga Singapurning Meinhardt, Buyuk Britaniyaning Foster + Partners va Niderlandiyaning OMA kompaniyalari jalb qilingan.

6030

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→