Yangiliklar/Siyosat

Vazirlik va davlat idoralari Yangi Toshkentga ko‘chiriladi

Siyosat 12 oktyabr, 11:09
Vazirlik va davlat idoralari Yangi Toshkentga ko‘chiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir Abdulla Aripovga vazirlik va davlat tashkilotlarini bosqichma-bosqich Yangi Toshkentga ko‘chirishni boshlashni topshirdi. Davlat idoralarining yangi shaharda faoliyat yuritishi hududdagi ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga xizmat qilishi kerak.

Hozir Yangi Toshkentdagi yengil konstruksiyali binolarda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Transport hamda Energetika vazirliklari faoliyat yuritmoqda. Vazirlik va idoralarning 2 600 nafar xodimi uchun to‘qqizta ma’muriy bino qurilmoqda.

Davlat tashkilotlari Toshkentning amaldagi hududida foydalanayotgan binolar zarur hollarda sotuvga chiqarilishi mumkin. Bunda obyektlarni buzish va qayta qurishga ruxsat berilmaydi. Xaridorlar joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirib, binolardan mavjud holatida foydalanishi kerak.

Davlat idoralarini ko‘chirish masalasi 2024-yilda ham ko‘tarilgan. O‘sha yil aprel oyida Abdulla Aripov boshchiligidagi muvofiqlashtiruvchi kengashga vazirliklarni ko‘chirish, bo‘shagan binolardan foydalanish va ularni sotishdan tushgan mablag‘larni Yangi Toshkentdagi ma’muriy binolar qurilishiga yo‘naltirish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirilgan edi.

2024-yil noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev ijro hokimiyati organlarini Yangi Toshkentga ko‘chirish poytaxtdagi transport yuklamasi va tirbandliklarni kamaytirishga yordam berishini aytgan edi.

7440

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→