Yangiliklar/Ekologiya

Suv xo‘jaligi vazirligi Amudaryoning qurib qolayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi

Ekologiya 12 oktyabr, 15:14
Suv xo‘jaligi vazirligi Amudaryoning qurib qolayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi 10-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Amudaryoning qurib qolayotgani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi. Vazirlik daryodagi suv oqimi saqlanib qolganini ma’lum qildi.

Suv xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 9-oktabr kuni Amudaryo O‘zbekiston hududiga kirib keladigan Termiz gidropostida suv sathi 239 smni tashkil etgan — bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 27 smga yuqori degani. Kerki gidropostida esa suv sarfi 499 m³/sni tashkil etib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 63 m³/sga kam bo‘lgan.

Vazirlik, shuningdek, Tojikistondagi Vaxsh daryosida joylashgan Norak suv ombori bo‘yicha ham ma’lumotlarni keltirib o‘tdi: suv oqimi — 408 m³/s, suv chiqarilishi — 320 m³/s, suv hajmi — 10,54 mlrd m³. Vazirlik sentabr–oktabr oylarida daryolar sathi va suv sarfining kamayishini mavsumiy gidrologik jarayon deb atadi: vegetatsiya (sug‘orish) davri yakunlangach, suv omborlari keyingi mavsum uchun zaxira to‘playdi.

Oktabr oyi boshida Turkmanboshi shahrida Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasining 95-yig‘ilishida 2026-yilgi vegetatsiya davri yakunlari sarhisob qilindi hamda 2026–2027-yillardagi vegetatsiyalararo davr uchun suv olish limitlari va suv omborlarining ish rejimlari tasdiqlandi. Navbatdagi yig‘ilish 2027-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi. Iyun oyida esa Samarqandda Amudaryo quyi havzasi suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish rejasi konsepsiyasi imzolangan edi.

1,2580

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→