Yangiliklar/Siyosat

Doniyor Qodirov Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi

Siyosat 12 oktyabr, 20:28
Doniyor Qodirov Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi

Doniyor Baxtiyorovich Qodirov O‘zbekiston Prezidenti farmoni bilan Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Ushbu lavozimda Qodirov Erkinjon Turdimovning o‘rnini egalladi. Turdimov avvalroq Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim vaziri lavozimiga tayinlangan edi.

Doniyor Qodirov yangi tayinlovga qadar, 2025-yil iyulidan boshlab, Prezident Administratsiyasining jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi masalalari bo‘yicha departamentiga rahbarlik qilgan. Bungacha u Prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlagan.

Qodirov turli yillarda Ichki ishlar vazirligi tizimida ham faoliyat yuritgan. 2018–2019-yillarda u Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasini boshqargan. Keyinchalik transportda xavfsizlikni ta’minlashga mas’ul bo‘linmaga rahbarlik qilgan.

2021-yil yanvarida Prezident maslahatchisining o‘rinbosari etib tayinlangan Qodirov 2023-yil avgustida huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha Prezident maslahatchisi lavozimini egallagan.

8980

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→