Yandex dron hujumidan soʻng uchinchi ma’lumot markazi ishini toʻxtatdi

Dunyo 11 oktyabr, 13:50
Yandex dron hujumidan soʻng uchinchi ma’lumot markazi ishini toʻxtatdi

11-oktabrga o‘tar kechasi dronlar hujumidan so‘ng «Yandex» Vladimir viloyatidagi data-markazi faoliyatini to‘liq to‘xtatdi. Obyekt infratuzilmasiga zarar yetgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q. Hodisa haqida 11-oktabr kuni yangilangan «Yandex»ning rasmiy blogida xabar berilgan.

Rossiya va MDH mamlakatlarida, jumladan, O‘zbekistonda «Yandex Go», «Yandex Eda» va boshqa xizmatlar faoliyatidagi joriy uzilishlar ushbu hodisa bilan bog‘lanmoqda.

Bu bir necha kun ichida faoliyati izdan chiqqan kompaniyaning uchinchi yirik data-markazidir. 7-oktabrdan 8-oktabrga o‘tar kechasi Ryazan viloyatining Sasovo shahridagi data-markaz jiddiy zarar ko‘rdi va uning faoliyati to‘liq to‘xtatildi. 9-oktabr kuni esa Kaluga viloyatidagi obyektga hujum oqibatida infratuzilmaning bir qismi ishdan chiqdi. Kompaniya ushbu ikki markaz xodimlari ham jabrlanmaganini ma’lum qildi.

Data-markazlar «Yandex»ning raqamli xizmatlari va korporativ mijozlar uchun infratuzilma faoliyatini ta’minlaydi. So‘nggi hodisalardan keyin kompaniyaning ayrim xizmatlari foydalanuvchilar uchun ishlamay qoldi. Reuters agentligi Vladimir viloyatidagi obyekt faoliyati to‘xtatilgani va xizmatlarda uzilishlar kuzatilgani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi.

«Yandex» mutaxassislari infratuzilma holatini baholash va uni tiklash ishlarini davom ettirayotganini bildirdi. Uskunalar qachon to‘liq ishga tushirilishi hozircha ma’lum qilinmagan.

1,0220

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→