Yangiliklar/Siyosat

Toshkentda ingliz huquqi tamoyillari asosida ishlaydigan xalqaro moliya markazi tashkil etilishi mumkin

Siyosat 9 oktyabr, 18:59
Toshkentda ingliz huquqi tamoyillari asosida ishlaydigan xalqaro moliya markazi tashkil etilishi mumkin

Bu masala Prezident Shavkat Mirziyoyevning 9-oktabr kuni Buyuk Britaniyaning savdo bo‘yicha davlat vaziri, lord Anas Sarvar bilan uchrashuvida ko‘rib chiqildi. U O‘zbekistonga O‘zbekiston–Britaniya iqtisodiy qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun kelgan.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda Britaniya ishtirokidagi 260 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik moliya, neft-gaz, ta’lim va turizm sohalarini ham qamrab oladi. O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining aksiyalari London fond birjasida ilk bor ommaviy joylashtirilgani ham moliyaviy hamkorlikdagi muhim voqealardan biri bo‘ldi.

Tomonlar infratuzilma, energetika, moliya, geologiya, transport, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida yangi loyihalarni ilgari surish imkoniyatlarini ham muhokama qildi. Ularni amalga oshirishda Britaniyaning eksportni moliyalashtirish agentligi — UKEF ishtirokidan foydalanish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

3610

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→