Yangiliklar/Siyosat

Banklardagi ortiqcha kredit to‘lovlarini asosiy qarzga yo‘naltirish taklif qilindi

Siyosat 9 oktyabr, 12:03
Banklardagi ortiqcha kredit to‘lovlarini asosiy qarzga yo‘naltirish taklif qilindi

Raqobat qo‘mitasi kredit bo‘yicha oylik to‘lovdan ortiqcha kiritilgan mablag‘larni avtomatik ravishda asosiy qarzni kamaytirishga yo‘naltirishni taklif qildi. Tegishli taklif O‘zbekiston Markaziy bankiga yuborildi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ayrim banklarda mijoz to‘lov jadvalidagidan ko‘proq pul o‘tkazsa, ortiqcha summa asosiy qarzga yo‘naltirilmay, tranzit hisobvarag‘ida qolmoqda. Natijada kredit qoldig‘i kamaymaydi va unga foiz hisoblash davom etadi.

O‘zsanoatqurilishbank va Hamkorbank kredit shartnomalarida ortiqcha to‘lovni asosiy qarzni so‘ndirishga yo‘naltirish majburiyatini belgilagan. Biroq Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, mobil xizmatlar orqali amalga oshirilgan ayrim to‘lovlarda bu talab bajarilmagan. Banklar holatni to‘lov jarayonlarini boshqarishdagi texnik muammolar bilan izohlagan.

Qo‘mita bank dasturidagi nosozliklar mijozning kredit majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilmasligi kerakligini ta’kidladi. Amaldagi minimal talablarga ko‘ra, shartnomada boshqa tartib belgilanmagan bo‘lsa, oylik to‘lovdan ortiqcha mablag‘ asosiy qarzni so‘ndirishga yo‘naltirilishi lozim. Ushbu talablar Markaziy bank hujjatiga 2025-yilda kiritilgan o‘zgartirishlarda mustahkamlangan.

Raqobat qo‘mitasi Markaziy bankka ikki taklif kiritdi:

  • ortiqcha to‘lovlarni taqsimlash tartibini qarz oluvchilar manfaatidan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish;
  • kreditni muddatidan oldin so‘ndirish shartlarini «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunda belgilash.

Takliflar hozircha qabul qilingan yangi tartib emas. Markaziy bankning bu masala bo‘yicha qarori e’lon qilinmagan.

3540

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→