Yangiliklar/Siyosat

Shavkat Mirziyoyev "olti iqtisodiyot – bitta mahsulot" formulasini taklif qilgan

Siyosat 8 oktyabr, 13:31
Shavkat Mirziyoyev "olti iqtisodiyot – bitta mahsulot" formulasini taklif qilgan

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjonga o‘zaro savdodan tayyor mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarishga o‘tishni taklif qildi. Tashabbus 8-oktyabr kuni Turkmanistonning Avaza hududida o‘tgan davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida ilgari surildi.

Prezident yangi yondashuvni «Olti iqtisodiyot — bitta mahsulot» formulasi bilan ifodaladi. Unga ko‘ra, bir nechta mamlakat korxonalari yagona ishlab chiqarish zanjirida qatnashishi, birgalikda investitsiya jalb qilishi hamda ichki va tashqi bozorlar uchun mahsulot ishlab chiqarishi mumkin.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, quyidagilarni taklif qildi:

  • 2027-yilda Xivada Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumini o‘tkazish;
  • qo‘shma investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash platformasini yaratish;
  • Infratuzilmaviy rivojlanish kengashini tuzishni jadallashtirish;
  • kam uglerodli energetika bo‘yicha umumiy konsepsiya ishlab chiqish;
  • muhim minerallar zaxiralarining raqamli xaritasini yaratish;
  • milliy ma’lumotlar markazlarini umumiy hisoblash tarmog‘iga ulash;
  • talab yuqori bo‘lgan kasblarning mintaqaviy atlasini tayyorlash.

Umumiy hisoblash infratuzilmasi mamlakatlarga ma’lumotlar markazlari quvvatlaridan birgalikda foydalanish va sun’iy intellekt sohasidagi loyihalarni rivojlantirish imkonini beradi.

Prezident suv tanqisligiga ham alohida e’tibor qaratdi. U suv resurslarining raqamli monitoringini joriy etish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va suv tejovchi texnologiyalarni rivojlantirishga chaqirdi. O‘zbekiston 2027-yildan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qiladi.

Shuningdek, Afg‘oniston bilan suv resurslaridan foydalanish masalalari bo‘yicha mintaqadagi barcha davlatlar manfaatlarini hisobga olgan holda doimiy muloqot olib borish taklif qilindi. Uchrashuv yakunida Maslahat uchrashuvlari formatiga raislik Ozarbayjonga o‘tdi.

9870

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→