Yangiliklar/Jamiyat

SSV ota-onalarni ogohlantirdi: boladagi tomoq og‘rig‘iga streptokokk sabab bo‘lishi mumkin

Jamiyat 7 oktyabr, 10:18
SSV ota-onalarni ogohlantirdi: boladagi tomoq og‘rig‘iga streptokokk sabab bo‘lishi mumkin

Bolalarda tomoq og‘rig‘i va yuqori haroratning sabablaridan biri A guruhi streptokokki (Streptococcus pyogenes) bo‘lishi mumkin. U ko‘pincha tomoq va bodomcha bezlarini zararlaydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Streptokokk infeksiyasini quyidagi belgilar ko‘rsatishi mumkin:

— tomoqning to‘satdan kuchli og‘rishi;

— yutishda og‘riq;

— yuqori harorat;

— bo‘yin limfa tugunlarining kattalashishi va og‘rishi;

— bodomcha bezlarida oq yoki yiringli qoplama;

— ayrim hollarda mayda qizil toshma — skarlatina.

Yo‘tal, burun oqishi, ovoz bo‘g‘ilishi va ko‘zlarning qizarishi ko‘proq virusli infeksiyaga xos. Biroq faqat oq qoplamaga qarab streptokokkni aniqlab bo‘lmaydi. Aniq tashxis qo‘yish uchun shifokor ko‘rigi va zarur bo‘lsa, tezkor test yoki tomoqdan surtma olish talab etiladi.

Streptokokk infeksiyasi tasdiqlangan taqdirda, shifokor antibiotik buyurishi mumkin. Antibiotiklarni o‘zboshimchalik bilan boshlash yoki davolash kursini muddatidan oldin to‘xtatish tavsiya etilmaydi.

Davolanmagan streptokokk infeksiyasi kamdan kam hollarda revmatik isitma yoki buyrak yallig‘lanishi — poststreptokokk glomerulonefrit kabi asoratlarga olib kelishi mumkin.

Vazirlik ta’kidlaganidek, har qanday tomoq og‘rig‘i ham streptokokk infeksiyasi degani emas. Bola tez-tez tomog‘i og‘risa yoki kasallik yuqori harorat bilan kechsa, pediatrga murojaat qilish lozim.

1,6200

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→