Yangiliklar/Ekologiya

O‘zbekistondagi to‘qqizta g‘or va tuz koni turizm uchun rivojlantiriladi

Ekologiya 6 oktyabr, 17:05
O‘zbekistondagi to‘qqizta g‘or va tuz koni turizm uchun rivojlantiriladi

O‘zbekistonda speleoturizmni rivojlantirish salohiyati yuqori bo‘lgan to‘qqizta g‘or va bitta tuz koni belgilandi. Tegishli ro‘yxat Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlandi.

Ro‘yxatga Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi quyidagi obyektlar kiritildi:

  • Peshag‘or;
  • Yaxdon;
  • Omonqo‘ton;
  • Kiyev;
  • Hazrati Dovud;
  • Qorong‘i yulduz;
  • Boybuloq;
  • Teshiktosh;
  • Amir Temur g‘orlari;
  • Xo‘jaikon tuz koni.

Mazkur obyektlar inventarizatsiyadan o‘tkazilib, yagona elektron reyestrga kiritiladi. Mutaxassislar ularning geografik joylashuvi, texnik holati, huquqiy maqomi va turistik imkoniyatlarini o‘rganadi. Har bir obyekt uchun elektron pasport tayyorlanadi.

Shuningdek, g‘or va tuz konining foto va videomateriallari hamda 3D modellari yaratiladi. Sayyohlar uchun ma’lumot beruvchi QR-kodlar o‘rnatilib, elektron pasportlar Milliy turizm platformasiga integratsiya qilinadi.

Obyektlarda turistik yo‘nalishlar, navigatsiya ko‘rsatkichlari va zarur infratuzilma tashkil etilishi rejalashtirilgan. G‘orlarga xavfsiz kirish bo‘yicha talab va yo‘riqnomalar ishlab chiqilib, qutqaruv xizmatlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Loyihalarni amalga oshirishga xususiy sektor va investorlarni jalb etish, xalqaro speleologik ekspeditsiyalar hamda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Kelgusida Turizm qo‘mitasi taklifiga ko‘ra ro‘yxatga yangi obyektlar qo‘shilishi mumkin.

9650

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→