Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekistonda yil oxirigacha yana 40 ta gaz qudug‘i burg‘ilanadi

Siyosat 6 oktyabr, 10:21
O‘zbekistonda yil oxirigacha yana 40 ta gaz qudug‘i burg‘ilanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft-gaz sohasidagi yirik loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Unda gaz qazib chiqarish, geologik qidiruv, transport infratuzilmasi va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi faoliyati muhokama qilindi.

Bu yil 3D seysmik qidiruv ishlari hajmini o‘tgan yilga nisbatan besh barobar oshirish rejalashtirilgan. Yil boshidan beri beshta yangi gaz koni ochilib, chuqurligi 6 ming metr va undan ortiq bo‘lgan 80 ta quduq burg‘ilandi. To‘rtinchi chorakda yana 40 ta quduq burg‘ilash ko‘zda tutilgan.

Ustyurtda gaz qidirish ishlari kengaytiriladi

Ustyurt hududidagi chuqur qatlamlarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratiladi. Xorijiy hamkorlar bilan birga yangi quduqlar burg‘ilanadi, geofizik ma’lumotlar qayta tahlil qilinadi va mavjud konlardan gaz olish samaradorligi oshiriladi.

Yangi magistral gaz quvurlarini qurish va kompressor stansiyalarini modernizatsiya qilish ham rejalashtirilgan. Ayrim stansiyalarda zamonaviy elektr dvigatellarining ishga tushirilishi gaz yetkazib berish barqarorligini oshirib, yiliga 125 mln kub metr gazni tejash imkonini berishi kutilmoqda.

Avariyani bartaraf etishga Xitoy kompaniyasi jalb qilindi

«Mustaqillikning 25 yilligi» konida yuz bergan avariyani bartaraf etishga Xitoyning ixtisoslashgan kompaniyasi jalb qilingan.

Hozir ish joyiga maxsus texnika va uskunalar yetkazilmoqda, quduqlar burg‘ilanadigan maydonlarda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Prezident avariyani bartaraf etishning barcha bosqichlarida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishni topshirdi.

Farg‘ona zavodida yonilg‘i ishlab chiqarish oshdi

Asosiy texnologik uskunalar ta’mirlangach, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida dizel ishlab chiqarish 30 foizga, bitum ishlab chiqarish 60 foizga, aviakerosin ishlab chiqarish esa besh barobarga oshdi.

Yil oxirigacha zavodning ishlab chiqarish quvvatidan foydalanish darajasi 40 foizdan 65 foizga yetkaziladi. Buning uchun korxonani xomashyo bilan barqaror ta’minlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish va qarzdorlikni kamaytirish rejalashtirilgan.

Prezident geologik qidiruv va burg‘ilash ishlarining natijadorligini oshirish, yirik loyihalar uchun aniq moliyalashtirish manbalarini belgilash hamda tarmoq korxonalari samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

7150

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→