Yangiliklar/Jamiyat

Qarshida soliq inspeksiyasi xodimlari 122,6 mln so‘mni o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda

Jamiyat 5 oktyabr, 12:50
Qarshida soliq inspeksiyasi xodimlari 122,6 mln so‘mni o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qarshi shahrida soliq xodimlari ishtirokidagi yirik talon-torojlik holati aniqlanganini ma’lum qildi.

Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, Qarshi shahar soliq inspeksiyasining bosh inspektorlari va boshqa mansabdor shaxslar 97 nafar soliq to‘lovchidan soliq qarzdorligini so‘ndirish bahonasida pul olgan.

Biroq mablag‘lar soliq to‘lovchilarning hisobiga o‘tkazilmagan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu pullar o‘zlashtirilgan. Yetkazilgan zarar miqdori 122,6 mln so‘m deb baholanmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi, ya’ni o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchilarga nisbatan xizmat tekshiruvi ikki oy avval boshlangan. Tekshiruv Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasining komplayens va korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha, soliq inspeksiyasi xodimlari 2023-yildan buyon fuqarolardan soxta kvitansiyalar asosida pul yig‘ib kelgan. Mablag‘lar soliq hisobvaraqlariga o‘tkazilmasdan, shaxsiy ehtiyojlar uchun sarflangan.

To‘plangan materiallar sentabr oyining boshida huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga taqdim etilgan.

2870

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→