Yangiliklar/Jamiyat

Qashqadaryoda paxta dalasidagi kimyoviy vositadan 22 nafar o‘quvchi zaxarlandi

Jamiyat 29 sentyabr, 15:51
Qashqadaryoda paxta dalasidagi kimyoviy vositadan 22 nafar o‘quvchi zaxarlandi

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida 51-maktabning 10–11-sinfida tahsil olayotgan 22 nafar o‘quvchi sog‘lig‘i yomonlashgani sababli tibbiyot muassasasiga olib borildi.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 23-sentabr kuni tushlik vaqtlariga yaqin o‘quvchilarda ko‘ngil aynishi va bosh og‘rig‘i kabi alomatlar kuzatilgan. Shifokorlar ularga dastlabki tashxis sifatida oshqozon dispepsiyasi sindromi tashxisini qo‘ygan.

Tekshiruv davomida shu kuni ertalab soat 09:00 atrofida maktab yaqinida joylashgan paxta maydonida “Shohmalik Shermurod o‘g‘li” fermer xo‘jaligi tomonidan defoliatsiya ishlari olib borilgani aniqlangan. Bunda paxta barglarini to‘kish va hosil yig‘im-terimiga tayyorlash uchun qo‘llaniladigan “Agro Augron” preparati ishlatilgan.

Hozirgi paytda 22 nafar o‘quvchidan 15 nafari uyiga javob berilgan, qolgan 7 nafar bola esa shifokorlar nazorati ostida qolmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 201-moddasi 1-qismi, ya’ni xo‘jalik faoliyatida kimyoviy preparatlardan foydalanish qoidalarini buzish oqibatida odamlarning ommaviy kasallanishiga sabab bo‘lish holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tergov doirasida zarur ekspertizalar tayinlangan. Hozirda voqea sabablarini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari davom etmoqda.

1,7810

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→