Toshkentda onlayn qimor o‘yinlari bilan bog‘liq guruh faoliyatiga chek qo‘yildi

Ichki ishlar vazirligining Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahrining Yashnobod tumanida onlayn qimor o‘yinlari bilan bog‘liq faoliyat yuritgan guruhni aniqladi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh axborot texnologiyalari xizmatlari ko‘rsatish niqobi ostida faoliyat yuritgan. Aslida esa uning ishtirokchilari fuqarolarni turli onlayn platformalarga jalb qilib, internet orqali qimor o‘yinlarida qatnashish uchun sharoit yaratgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lum qilishicha, mazkur tizim orqali O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni, BAA, Ummon, Bahrayn, Qatar, Kuvayt va boshqa davlatlardan 60 mingga yaqin foydalanuvchi jalb qilingan.
Aniqlanishicha, guruh yirik kompaniya tamoyili asosida tashkil etilgan. Unda operatorlar, supervayzerlar, kassirlar, hisobot va tahlil bo‘yicha mutaxassislar hamda menejerlar faoliyat yuritgan.
Mijozlarni jalb qilish uchun maxsus dasturlar, shifrlangan aloqa kanallari va raqamli izlarni yashirish texnologiyalaridan foydalanilgan.
Tezkor tadbirlar davomida serverlar, kompyuterlar, noutbuklar, mobil telefonlar, bank kartalari, SIM-kartalar, naqd pullar va tergov uchun ahamiyatga ega boshqa ashyolar musodara qilingan.
Tergovchilar tomonidan kompyuter texnikalari o‘rganilganda, so‘nggi olti oy ichida ushbu tuzilma orqali 4 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ aylangani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda 16 nafar shaxsga nisbatan tezkor-qidiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Guruhning asosiy 11 nafar a’zosi Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasiga muvofiq ushlangan.
Shuningdek, jinoyatga aloqador bo‘lgani va xizmatlarni masofadan turib ko‘rsatgani aytilayotgan boshqa fuqarolar ham aniqlangan. Ular yuzasidan ham tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi
