Yangiliklar/Siyosat

Saida Mirziyoyeva BAA prezidenti bilan uchrashdi va BMT kongressida ishtirok etdi

Siyosat 28 sentyabr, 13:00
Saida Mirziyoyeva BAA prezidenti bilan uchrashdi va BMT kongressida ishtirok etdi

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashdi.

Saida Mirziyoyeva ushbu uchrashuv o‘zi uchun katta sharaf ekanini ta’kidladi. Muzokaralar avvalida BAA prezidentiga O‘zbekiston Prezidenti nomidan samimiy tilaklar yetkazildi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Saida Mirziyoyeva BAA rahbariga ko‘rsatilgan e’tibor va hurmat uchun minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Abu-Dabida o‘tkazilayotgan BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va jinoyat odil sudlovi bo‘yicha 15-kongressida ishtirok etdi.

Nufuzli forum ishida dunyoning turli mamlakatlaridan 5 mingga yaqin vakil qatnashmoqda. Kongressda transmilliy jinoyatchilik, terrorizm, narkotiklar savdosi, korrupsiya va ekologik huquqbuzarliklarga qarshi kurash, bolalarni himoya qilish hamda qonun ustuvorligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tadbir doirasida Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari va BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Monika Juma bilan ham uchrashdi.

“Biz ushbu BMT tuzilmasi bilan faol hamkorlik qilamiz va qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqdamiz”, dedi Saida Mirziyoyeva.

Qayd etilishicha, kongress O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega. Ishtirokchi davlatlar mamlakatning navbatdagi kongressni o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va bu yakuniy deklaratsiyada ham o‘z aksini topdi.

Saida Mirziyoyeva bu qarorni O‘zbekistonga bo‘lgan yuqori xalqaro ishonch ramzi sifatida baholadi.

2031-yilda O‘zbekiston BMTning navbatdagi Jinoyatchilikning oldini olish va jinoyat odil sudlovi kongressiga mezbonlik qiladi. Kelgusi forumga tayyorgarlik ishlari besh yil davomida olib boriladi.

1,5940

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→