O‘zbekistonda 2027-yilgacha 1342 ta yangi darslik va o‘quv qo‘llanma tayyorlanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-sentabr kuni maktab darsliklari va ta’lim dasturlarini yangilash bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
2027-yilgacha 1342 ta yangi darslik va o‘quv-metodik qo‘llanma tayyorlash rejalashtirilgan. 2022 yilgacha nashr etilgan darsliklar tahlili davomida 260 ta nashrda 1257 ta xato aniqlangan. Shuningdek, 51 ta darslikda tarjima bilan bog‘liq 464 ta xato qayd etilgan.
Tahlil ayrim materiallarning o‘quvchilarning yoshiga mos kelmasligi va ba’zi mavzularning murakkab bayon etilganini ham ko‘rsatgan. Ta’lim jarayonida ma’lumotni yodlashga urg‘u berilgani, bilimlarni amalda qo‘llash va mustaqil tahlil qilish ko‘nikmalariga esa yetarli e’tibor berilmagani qayd etilgan.
Yangi darsliklar davlat ta’lim standarti, o‘quv dasturlari va baholash tizimi bilan o‘zaro bog‘lanadi. Har bir sinfni yakunlagan o‘quvchi egallashi kerak bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar aniq belgilanadi.
Materiallarda tanqidiy fikrlash, muloqot, jamoada ishlash va ijodiy yondashuvni rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar ko‘paytiriladi. Shuningdek, kasbga yo‘naltirish, ekologik, moliyaviy va raqamli savodxonlik bo‘yicha mavzular ham kiritiladi.
O‘qituvchilarni tayyorlash tizimida ham o‘zgarishlar ko‘zda tutilgan. Hozirgacha 110 mingdan ortiq boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi malaka oshirishdan o‘tgan. Singapur mutaxassislari ishtirokida 121 nafar master-trener va 739 nafar mentor o‘qituvchi tayyorlangan. Ular orqali qariyb 90 ming nafar pedagog o‘qitilgan.
Yangi baholash tizimi 5 mingta maktabda sinovdan o‘tkazilmoqda. Unda o‘quvchining faqat ma’lumotni yod olgani emas, balki uni tushunishi va amalda qo‘llay olishi ham baholanadi.
Taqdimotda darsliklarni yangilash bilan bir qatorda o‘qituvchilar tayyorgarligi, dars o‘tish usullari va bilimlarni baholash yondashuvlarini ham o‘zgartirish zarurligi ta’kidlandi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi
