Yangiliklar/Siyosat

Namangandagi besh yoshli qizaloqning oilasi boshqa shaharga ko‘chiriladi

Siyosat 27 sentyabr, 11:48
Namangandagi besh yoshli qizaloqning oilasi boshqa shaharga ko‘chiriladi

Namanganda besh yoshli qizaloq bilan bog‘liq fojia yuz berganidan beri Ijtimoiy himoya milliy agentligi vaziyatni nazorat qilib kelmoqda. Bu haqda Shahnoza Mirziyoyeva ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki kunlardan boshlab mutaxassislar va psixologlar qizaloq hamda uning onasi bilan ishlamoqda. Oilaga og‘ir vaziyatni yengib o‘tish uchun zarur yordam va ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Oila boshqa shaharga ko‘chiriladi. Unga uy-joy ajratilib, zarur reabilitatsiya va to‘liq ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Jumladan, qizaloqning onasiga o‘qishni davom ettirish va ishga joylashishda yordam beriladi. Zarur bo‘lsa, oilaga familiyasini o‘zgartirish masalasida ham ko‘maklashiladi.

Shahnoza Mirziyoyeva qizaloq va uning yaqinlari xavfsiz joyda yangi hayot boshlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, Prezident Administratsiyasi mazkur masalani alohida nazoratga olgan. Barcha mas’ul idoralar dastlabki kunlardanoq ishga jalb qilingan.

Avvalroq Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham Namanganda yuz bergan voqea haqida xabar olganini ma’lum qilgan edi. U tegishli idoralarga barcha zarur ko‘rsatmalar berilganini, jinoyatchi qonun doirasidagi eng og‘ir jazoga tortilishi kerakligini bildirgan.

Shuningdek, voqeaga beparvoligi bilan yo‘l qo‘ygan va bolani himoya qila olmagan mas’ullar ham javobgarlikka tortilishi ta’kidlangan.

12-sentabr kuni Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida besh yoshli qizaloqqa nisbatan ehtimoliy jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi qo‘lga olingan va sud tomonidan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Dastlabki tergov davom etmoqda.

3,9060

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→