Gazlashmagan uylar uchun elektr energiyasiga alohida tariflar ishlab chiqiladi

Tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarni elektrlashtirish bo‘yicha alohida konsepsiya ishlab chiqiladi. Buning uchun xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar o‘tkazilib, ularning texnik ko‘magida konsultantlar jalb etiladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning yoqilg‘i-energetika sohasini rivojlantirishga oid farmonida belgilangan.
Konsepsiyada tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmagan va uyini elektr energiyasi yordamida isitadigan iste’molchilar uchun alohida tariflarni belgilash masalasi ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan maishiy texnikalarni xarid qilishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi joriy etiladi.
Tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasi 2026-yil noyabr oyi oxirigacha tayyorlanishi kerak. Hujjatni Vazirlar Mahkamasiga 2027-yil aprel oyida kiritish rejalashtirilgan.
Chora-tadbirlar uchun Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Energiya samaradorligi milliy agentligi mas’ul etib belgilangan.
Gazlashmagan uylar uchun elektr energiyasiga alohida tarif joriy etish masalasi 2024-yildan buyon muhokama qilinmoqda. O‘sha paytdagi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov elektr energiyasi bilan isitiladigan uylar uchun chegirmalar berish loyihasi ishlab chiqilayotganini bildirgan.
2025-yilda Energetika vazirligi mexanizmni ayrim hududlarda sinovdan o‘tkazish mumkinligini ma’lum qilgan. Buning oldidan elektr tarmoqlariga tushadigan qo‘shimcha yuklama va xarajatlarni baholash rejalashtirilgan.
2025-yil dekabrida gaz tarmog‘iga ulanmagan, isitish va ovqat tayyorlash tizimi to‘liq elektrlashtirilgan uylar uchun tarifni 50 foizga kamaytirish varianti ko‘rib chiqilgan. Imtiyoz belgilangan iste’mol hajmi doirasida qo‘llanishi taklif etilgan.
2026-yil avgustida energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev tabiiy gaz yetib bormagan qariyb 2 mingta mahallada yashovchilar uchun elektr tariflarini differensiallashtirish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan. Tariflarni belgilashda hudud xususiyatlari, uy-joy turi va energiya resurslari bilan ta’minlanganlik darajasi hisobga olinishi aytilgan.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi
