Yangiliklar/Jamiyat

Bolalar ombudsmani Namangandagi bog‘chada yuz bergan voqea bo‘yicha xizmat tekshiruvini qayta ko‘rib chiqishni talab qildi

Jamiyat 26 sentyabr, 19:39
Bolalar ombudsmani Namangandagi bog‘chada yuz bergan voqea bo‘yicha xizmat tekshiruvini qayta ko‘rib chiqishni talab qildi

O‘zbekiston Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasasida besh yoshli bolaga nisbatan ehtimoliy jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalarini qayta ko‘rib chiqishni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan talab qildi.

Uchqo‘rg‘on tumani IIB tergov bo‘linmasi tomonidan 12-sentabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shu kuni gumonlanuvchi qo‘lga olingan va sud tomonidan unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda dastlabki tergov davom etmoqda.

Bolalar ombudsmanining vazirlikka taqdimnomasi 22-sentabr kuni yuborilgan. Unda dastlabki xizmat tekshiruvi natijalarini qayta va tanqidiy baholash, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda mas’ul xodimlarga nisbatan qonunda belgilangan choralarni ko‘rish topshirilgan.

Ombudsman voqea sodir bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlarni ham alohida o‘rganishni so‘ragan. Vazirlikka maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish va bolalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ichki mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish topshirilgan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda voqea vaqtida bola qarovsiz qolgan bo‘lishi mumkinligi, shuningdek, hodisadan so‘ng uning oilasiga bosim o‘tkazilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Mazkur ma’lumotlar rasman tasdiqlanmagan.

Bolalar ombudsmani xabarida dastlabki xizmat tekshiruvi davomida aynan qanday kamchiliklar aniqlangani va qaysi xodimlar javobgarlikka tortilishi mumkinligi ochiqlanmagan.

Vazirlik 15 kun ichida ko‘rilgan choralar haqida Bolalar ombudsmaniga ma’lumot berishi va buni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak.

3,6900

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→