Yangiliklar/Siyosat

Andijonda gastronomik ko‘cha va yangi yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirildi

Siyosat 24 sentyabr, 10:34
Andijonda gastronomik ko‘cha va yangi yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi davomida shaharda barpo etilgan yangi gastronomik ko‘chani ko‘zdan kechirdi.

Loyiha Mashrab va Sarikuy ko‘chalarini qamrab olib, 1,2 kilometr uzunlikda barpo etildi. Uning umumiy qiymati 18 milliard so‘mni tashkil etdi. Shundan 8 milliard so‘m respublika budjeti hisobidan, 10 milliard so‘m esa tadbirkorlar mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.

Hududda keng piyodalar yo‘laklari, zamonaviy landshaft dizayni, favvoralar va yoritish tizimlari tashkil etilgan.

Hozirda ko‘chada 35 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi faoliyat yuritmoqda. Ularning ayrimlari tunu kun ishlashga mo‘ljallangan. Ko‘cha kuniga 10 mingdan ortiq aholi va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Davlat rahbari ko‘cha bo‘ylab sayr qilib, tadbirkorlar va mahalliy aholi bilan muloqot qildi.

Shu kuni Prezident Andijon temiryo‘l vokzali yaqinida qurilgan yangi yo‘l o‘tkazgichni ham borib ko‘rdi. Inshoot Boburshoh ko‘chasining ikki qismini o‘zaro bog‘ladi.

Qiymati 271 milliard so‘m bo‘lgan yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 796 metr, shundan 596 metri estakada qismi hisoblanadi. Inshootning kengligi 26 metrni tashkil etadi.

Ma’lum qilinishicha, yangi yo‘l transport qatnovini yengillashtirib, shoshilinch tibbiy yordam markaziga borish masofasini 15 kilometrdan 9,3 kilometrgacha qisqartirgan. Natijada bemorlarni tibbiyot muassasasiga yetkazish vaqti 14 daqiqaga tezlashgan.

6220

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→