Yangiliklar/Texnologiya

Saida Mirziyoyeva Google bilan YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish masalasini muhokama qildi

Texnologiya 23 sentyabr, 12:16
Saida Mirziyoyeva Google bilan YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish masalasini muhokama qildi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Google kompaniyasi vitse-prezidenti Karan Bhatia bilan uchrashib, O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini yo‘lga qo‘yish bo‘ldi.

Hozirda O‘zbekiston YouTube hamkorlik dasturi (YPP) faoliyat yuritadigan davlatlar ro‘yxatiga kirmaydi. Shu sababli mamlakatdagi kontent yaratuvchilar YouTube va Google AdSense orqali reklama daromadlarini bevosita olish imkoniyatiga ega emas.

Tomonlar, shuningdek, shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash va raqamli to‘lovlar sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish masalalarini ham muhokama qildi. Qayd etilishicha, ushbu yo‘nalishlardagi o‘zgarishlar xalqaro to‘lov tizimlarining O‘zbekistonda ishlashi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, o‘zbek tilini Google Cloud Gemini platformasiga integratsiya qilish orqali davlat va biznes sektorlari uchun zamonaviy raqamli xizmatlarni yaratish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, BigQuery va Dataplex kabi yechimlar yordamida katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv davomida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ham muhokama qilindi. Jumladan, xalqaro Google sertifikatlarini olish, xakatonlarda ishtirok etish hamda kompaniya ofislarida stajirovka o‘tash dasturlari davom ettirilmoqda. Har yili 25 nafar iqtidorli talaba Google ofislarida amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, Google bilan hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjud va bu yo‘nalishda ishlar davom ettiriladi.

5110

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→