Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarga oid sudlar yopiq o‘tkaziladi

Siyosat 23 sentyabr, 13:40
O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarga oid sudlar yopiq o‘tkaziladi

12-sentabrdan O‘zbekistonda bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun kuchga kirdi. Hujjat bilan 6 ta kodeks va 13 ta qonunga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritildi.

Muhim yangiliklardan biri Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan norma bo‘ldi. Endilikda voyaga yetmaganlarga oid jinoyat ishlari faqat yopiq sud majlislarida ko‘rib chiqiladi.

Avval ayrim ishlar tarbiyaviy maqsadlarda mahallalar, maktablar va boshqa jamoat joylarida sayyor sud shaklida ham ko‘rilishi mumkin edi. Yangi tartib bolaning shaxsiy hayoti va shaxsiga doir ma’lumotlarning oshkor bo‘lishining oldini olishga qaratilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham yangi norma kiritildi. Unga ko‘ra, ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik ishlatish, ularni kamsitish, xo‘rlash yoki tahqirlash uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilanadi.

“Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik qilgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar bir yil davomida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullana olmaydi.

Qonun Oila kodeksiga ham tegishli o‘zgartirishlar kiritdi. Endilikda davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq ta’minotida bo‘lgan bolalarning ota-onalari aliment to‘lash majburiyatidan ozod etilmaydi.

Mazkur mablag‘lar bolaning mustaqil hayot boshlashi davrida moliyaviy tayanch vazifasini bajarishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni patronat tarbiyasiga faqat ularning qarindoshlariga berish tartibi qonun bilan mustahkamlandi.

“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, nodavlat tashkilotlar ham davlat ijtimoiy buyurtmasi, autsorsing yoki boshqa turdagi shartnomalar asosida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni parvarishlash hamda tarbiyalash xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

3280

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→