Yangiliklar/Jamiyat

Namanganda bog‘cha xodimi 5 yoshli qizaloqqa nisbatan jinsiy zo‘ravonlikda gumonlanmoqda

Jamiyat 23 sentyabr, 14:04
Namanganda bog‘cha xodimi 5 yoshli qizaloqqa nisbatan jinsiy zo‘ravonlikda gumonlanmoqda

Namangan viloyatidagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalaridan birida tarbiyalanuvchi 5 yoshli qizaloqqa nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bolalar ombudsmani ma’lumotiga ko‘ra, 12-sentabr kuni tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi ochilgan.

Mazkur ish doirasida bog‘cha ombor mudiri lavozimida ishlagan K.M. protsessual tartibda ushlangan. Unga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish qo‘llangan. Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Milliy ijtimoiy himoya agentligi ma’lum qilishicha, xabar kelib tushgach, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislari bolaning oilasiga borib, vaziyatni o‘rgangan.

Baholash natijasida bola yuqori xavf guruhida ekani aniqlangan. Shundan so‘ng ichki ishlar organlari va tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda bolaning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.

Ayni paytda qizaloq va uning onasiga psixologik, tibbiy hamda huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda. Bola ota-onasi qaramog‘ida bo‘lib turibdi.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova jabrlangan bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida ishni nazoratga olganini ma’lum qildi.

6670

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→