Yangiliklar/Siyosat

Andijonda 9,4 mlrd dollarlik 206 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi va qurilishi boshlandi

Siyosat 23 sentyabr, 19:43
Andijonda 9,4 mlrd dollarlik 206 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi va qurilishi boshlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi davomida yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish va ularning qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi.

Marosim doirasida umumiy qiymati 9,4 milliard dollar bo‘lgan 206 ta loyiha taqdim etildi. Shundan 2,05 milliard dollarlik 98 ta loyiha foydalanishga topshirildi, 7,35 milliard dollarlik 108 ta loyiha qurilishiga start berildi.

Loyihalar energetika, to‘qimachilik, qurilish, mashinasozlik, farmatsevtika, logistika, turizm, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini qamrab oladi. Ular viloyatning barcha 16 ta shahar va tumanida amalga oshiriladi.

Yangi loyihalar orasida paxta-to‘qimachilik klasterlari, elektr energiyasini saqlash tizimlari, mebel va charm-poyabzal sanoat zonalari, elektr avtobuslar, quyosh panellari, mikrogidroenergetika uskunalari ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek, ta’lim va tibbiyot markazlari bor.

Bundan tashqari, zamonaviy uy-joy majmualari, xalqaro logistika va turizm markazlari, gidroelektr stansiya, chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxona, transport vositalari va yuk vagonlari ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish rejalashtirilgan.

Loyihalar Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, AQSH, Rossiya, Belarus, Germaniya, Hindiston, BAA va Tojikiston kompaniyalari hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Ularning ishga tushirilishi natijasida 45 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, yiliga 60,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 533 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

Marosimda Prezident ramziy tugmani bosib, 98 ta loyihani ishga tushirdi hamda 108 ta yangi obyekt qurilishiga start berdi.

Tashrif davomida davlat rahbari Andijon tumanidagi “Andijon-Huanya” xalqaro texnikumi faoliyati bilan ham tanishdi. To‘liq xorijiy investitsiyalar hisobidan barpo etilgan, qiymati 15 million dollar bo‘lgan texnikum sanoat korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlaydi. Hozirda bu yerda 210 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.

Prezident Xo‘jaobod tumanidagi “Andijon texnoparki”da ham bo‘lib, Xitoyning “Sanchuan” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan 5G texnologiyasiga asoslangan “aqlli” suv hisoblagichlari loyihasi bilan tanishdi. Qiymati 25 million dollar bo‘lgan ushbu korxonadagi jarayonlarning 80 foizi robotlashtirilgan.

Korxonada yiliga 1 million dona aqlli suv hisoblagichi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Kelgusida mahsulotlarning mahalliylashtirish darajasini 70 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

7680

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→