Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekistonda ish joyidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha maxsus portal ishga tushiriladi

Siyosat 22 sentyabr, 14:38
O‘zbekistonda ish joyidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha maxsus portal ishga tushiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev mehnat munosabatlarida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini yaratishga qaratilgan qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, dastlab davlat organlari va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda, keyinchalik esa barcha korxona va muassasalarda xodimlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan yangi tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi. Qarorning asosiy yangiliklaridan biri sifatida 1-dekabrga qadar “Xavfsiz va hurmatli mehnat muhiti” nomli maxsus portal ishga tushiriladi.

Mazkur platforma orqali davlat xizmatchilari va davlat tashkilotlari xodimlari:

  • mehnat huquqlarining buzilishi;
  • ruhiy bosim;
  • kamsitish;
  • zo‘ravonlik;
  • jinsiy shilqimlik (harassment)

holatlari yuzasidan murojaat yuborish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Rahbar va mansabdor shaxslar ustidan yuborilgan murojaatlar avtomatik ravishda yuqori turuvchi tashkilotlarga yo‘naltiriladi. Portalda murojaatlarni ko‘rib chiqish, dalillarni yig‘ish va xulosalar tayyorlash mexanizmi yaratiladi. Tekshiruvlar natijalari va qabul qilingan choralar haqidagi barcha ma’lumotlar tizimda doimiy saqlanadi hamda ularni o‘chirib tashlash mumkin bo‘lmaydi.

Agar murojaatda ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari aniqlansa, materiallar 112 tizimi orqali vakolatli organlarga yuboriladi. Shuningdek, Boshqaruv samaradorligi agentligiga davlat organlariga mehnat sohasidagi qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rib chiqiladigan taqdimnomalar kiritish vakolati beriladi.

Qarorda zo‘ravonlik va jinsiy shilqimlik holatlarini mehnat intizomining qo‘pol buzilishi sifatida baholash tavsiya etilgan. Xodimni murojaat qilgani uchun ta’qib qilish, kamsitish yoki unga psixologik bosim o‘tkazish ham mehnat intizomini buzish holati sifatida ko‘riladi.

3910

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→