Yangiliklar/Ekologiya

Qoraqalpog‘istondagi 200 gektar maydonda 4 tonna oltin zaxirasi aniqlandi

Ekologiya 21 sentyabr, 14:38
Qoraqalpog‘istondagi 200 gektar maydonda 4 tonna oltin zaxirasi aniqlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukusda o‘tkazilgan yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonda geologiya-qidiruv ishlari va tog‘-kon sanoatini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Davlat rahbari ta’kidlashicha, bugungi kunda mintaqa hududining atigi 20 foizida geologik izlanishlar olib borilgan.

Prezident misol tariqasida Qorao‘zak tumanidagi “Urusoy” konida faoliyat yuritayotgan xitoylik investor loyihasini keltirdi. Ma’lum qilinishicha, investor 33 million dollar sarmoya kiritib, zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan va 200 gektar maydonda 4 tonna oltin zaxirasini aniqlagan. Amaldagi bozor narxlarida ushbu oltin qiymati taxminan 563 million dollarga baholanmoqda. Loyiha doirasida allaqachon 320 ta ish o‘rni yaratilgan.

Yig‘ilishda mutasaddilarga bir oy muddatda investorlar ko‘targan masalalarni hal qilish, 1000 ta ish o‘rni yaratadigan oltin qazib olish va qayta ishlash klasterini tashkil etish, shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘istondagi boshqa foydali qazilmalarni chuqur qayta ishlash masalasi ham muhokama qilindi. Qayd etilishicha, Qo‘ng‘irot tumanidagi “Barsakelmes” konidan har yili 1 million tonna texnik tuz qayta ishlanmasdan sotilmoqda.

Shuningdek, Bo‘zatov tumanidagi “Qusqanatov” konida mirabilitni qayta ishlash hisobiga yiliga 45 ming tonnagacha natriy sulfat ishlab chiqarish, astrakanitni qayta ishlash orqali esa magniy sulfat olish imkoniyati mavjud.

Bundan tashqari, Germaniyaning bir kompaniyasi Beruniy tumanidagi kvartsit koniga 30 million dollar investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Investor kristall kremniy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, yiliga 25 million dollarlik mahsulot eksport qilishni maqsad qilgan.

Mutasaddilarga avval rejalashtirilgan 400 million dollarlik loyihalardan tashqari yana 200 million dollarlik yangi kimyo sanoati loyihalarini tayyorlash vazifasi yuklatildi. Ushbu loyihalar orqali 5 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda.

8520

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→