Yangiliklar/Jamiyat

O‘zbekistonda 16 yil ichida qizlarga qaraganda qariyb yarim millionga ko‘proq o‘g‘il bola tug‘ilgan

Jamiyat 20 sentyabr, 22:09
O‘zbekistonda 16 yil ichida qizlarga qaraganda qariyb yarim millionga ko‘proq o‘g‘il bola tug‘ilgan

2010-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda jami 12 million 486 ming 844 nafar chaqaloq tug‘ilgan. Shundan 6 million 482 ming 375 nafari o‘g‘il, 6 million 4 ming 469 nafari qiz bola bo‘lgan. 16 yillik umumiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, mamlakatda o‘g‘il bolalar soni qizlarga nisbatan 477 ming 906 nafarga yoki 7,96 foizga ko‘proq bo‘lgan. Bu har 100 nafar qiz chaqaloqqa o‘rtacha 108 nafar o‘g‘il bola to‘g‘ri kelishini anglatadi.

Tahlillarga ko‘ra, 2010-2025 yillar davomida har yili o‘g‘il bolalar qizlarga nisbatan ko‘proq tug‘ilgan. Eng katta farq 2018-yilda kuzatilib, gender tafovuti 10,4 foizni tashkil etgan. Eng past ko‘rsatkich esa 2025-yilda qayd etilgan bo‘lib, farq 7 foiz bo‘lgan.

Qashqadaryo yetakchi, Qoraqalpog‘istonda muvozanat yuqoriroq

Hududlar kesimida o‘g‘il bolalar tug‘ilishi bo‘yicha eng yuqori tafovut Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan. Bu yerda o‘g‘il bolalar qizlarga nisbatan 8,98 foizga ko‘proq tug‘ilgan. Har 100 nafar qiz bolaga o‘rtacha 109 nafar o‘g‘il bola to‘g‘ri keladi.

Keyingi o‘rinlarda:

  • Namangan viloyati – 8,64 foiz;
  • Jizzax viloyati – 8,33 foiz.

Nisbatan muvozanatli ko‘rsatkichlar esa:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 6,76 foiz;
  • Navoiy viloyati – 7,27 foiz;
  • Farg‘ona viloyati – 7,40 foiz;
  • Toshkent shahri – 7,48 foiz.

Jami tug‘ilishlar soni hamda o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasidagi mutlaq farq bo‘yicha Samarqand viloyati yetakchilik qilgan.

Eng katta tafovut Ohangaronda qayd etilgan

Tuman va shaharlar kesimida eng katta gender tafovuti Ohangaron shahrida kuzatilgan. Bu yerda o‘g‘il bolalar qizlarga nisbatan 16,4 foizga ko‘proq tug‘ilgan.

Yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan boshqa hududlar:

  • Bekobod shahri – 12,1 foiz;
  • So‘x tumani – 11,4 foiz;
  • Ko‘kdala tumani – 11,3 foiz;
  • Koson tumani – 10,9 foiz.

Eng muvozanatli natijalar esa Tomdi tumanida (1,3 foiz) va Yozyovon tumanida (4,2 foiz) kuzatilgan.

Xalqaro demografik standartlar va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, tug‘ilishdagi tabiiy biologik nisbat har 100 qiz bolaga 102-106 nafar o‘g‘il bolani tashkil etadi.

O‘zbekistondagi 16 yillik o‘rtacha ko‘rsatkich esa bu me’yordan yuqoriroq. Mutaxassislar fikricha, uzoq muddat davomida gender nisbatidagi bunday tafovut saqlanib qolsa, kelajakda nikoh yoshiga yetgan erkaklar sonining ortishi, «kelinlar taqchilligi» va ijtimoiy raqobatning kuchayishi kabi demografik muammolar yuzaga kelishi mumkin.

2420

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→