Yangiliklar/Jamiyat

Bitiruvchi qizlar ishga ko‘proq joylashmoqda, ammo yigitlar ko‘proq maosh olmoqda

Jamiyat 19 sentyabr, 16:09
Bitiruvchi qizlar ishga ko‘proq joylashmoqda, ammo yigitlar ko‘proq maosh olmoqda

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan e’lon qilingan “Bitiruvchilar sifati indeksi” (BSI) tahliliga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan 2026-yil 30-iyungacha bo‘lgan davrda 170 ta oliy ta’lim muassasasini bitirgan 249,4 ming nafardan ortiq yoshning bandlik holati o‘rganilgan.

Natijalarga ko‘ra, bitiruvchilarning 83 foizi ish bilan ta’minlangan. Ijtimoiy fanlar yo‘nalishida bu ko‘rsatkich 84 foizni, ijodiy va sport yo‘nalishlarida 83 foizni, amaliy fanlarda esa 82 foizni tashkil qilgan. Eng past natija tibbiyot sohasida qayd etilgan. Tibbiyot yo‘nalishini bitirganlarning atigi 75 foizi ishga joylashgan, ya’ni har to‘rt nafar bitiruvchidan biri hali ish topa olmagan.

Gender kesimida esa qiziqarli farqlar kuzatilgan. Ishga joylashish bo‘yicha qizlar ulushi 85,1 foiz, yigitlar ulushi esa 80,4 foizni tashkil etgan. Biroq maosh masalasida vaziyat aksincha. Bitiruvchi yigitlarning o‘rtacha ish haqi 6 million so‘m, qizlarniki esa 3,9 million so‘m bo‘lgan. Umumiy hisobda bitiruvchilarning o‘rtacha maoshi 4,9 million so‘mni tashkil etgan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, yoshlarning birinchi ishini topishi uchun o‘rtacha 2 oy 27 kun vaqt ketgan. BSI indeksining umumiy natijasi 100 ballik tizimda 53,4 ball etib baholangan.

Hududlar kesimida eng yuqori natija Navoiy viloyatida qayd etilib, indeks 62,5 ballni tashkil qilgan. Keyingi o‘rinlarda Surxondaryo viloyati (62,1 ball) va Toshkent shahri (59,9 ball) joylashgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa ko‘rsatkich 49,4 ball bo‘lgan.

1320

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→