Yangiliklar/Jamiyat

Xorazm viloyatida maishiy chiqindilarni qayta ishlovchi elektr stansiya quriladi

Jamiyat 18 sentyabr, 17:23
Xorazm viloyatida maishiy chiqindilarni qayta ishlovchi elektr stansiya quriladi

O‘zbekiston Prezidenti Xorazm viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha qarorni imzoladi. Loyiha doirasida Janubiy Koreyaning Green Hammer Co., Ltd kompaniyasi O‘zbekistonda xorijiy korxona tashkil etadi. Ushbu loyiha kompaniyasi elektr stansiyasini qurish va undan foydalanish bilan shug‘ullanadi.

Qarorga ko‘ra, loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotish bo‘yicha kafolatlangan bozorga ega bo‘ladi. Xususan, elektr energiyasi 30 yil davomida “O‘zenergosotish” AJ tomonidan xarid qilinadi. To‘lovlar esa shartnoma muddati davomida milliy valyutada amalga oshiriladi.

Shuningdek, stansiyaning uzluksiz ishlashi uchun qattiq maishiy chiqindilarni yetkazib berish ham kafolatlanadi. Chiqindilar bilan ishlash sohasi uchun mas’ul agentlik loyiha kompaniyasini 30 yil davomida zarur hajmdagi maishiy chiqindilar bilan ta’minlaydi.

Elektr stansiyasini yagona energetika tarmog‘iga ulash uchun loyiha kompaniyasi havo elektr uzatish liniyalari va tegishli infratuzilmani quradi. Ushbu obyektlar foydalanishga topshirilgach, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ balansiga o‘tkaziladi.

Stansiya ishga tushirilishidan oldin loyiha kompaniyasi “Milliy dispetcherlik markazi” DUK va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda uning mamlakat energetika tizimiga ta’sirini baholaydi hamda tarmoqqa ulanishning yakuniy shartlarini kelishib oladi.

Bundan tashqari, investor qurilish davridagi majburiyatlarini ta’minlash maqsadida 7 million AQSH dollari miqdorida birinchi toifadagi bank kafolatini taqdim etishi shart.

1,9260

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→