Yangiliklar/Jamiyat

Pedagoglar farzandlariga OTM kontrakti uchun 30 foizlik chegirma beriladi

Jamiyat 18 sentyabr, 16:00
Pedagoglar farzandlariga OTM kontrakti uchun 30 foizlik chegirma beriladi

O‘zbekistonda 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab pedagoglar farzandlari uchun davlat oliy ta’lim muassasalarida kontrakt to‘lovining 30 foizi miqdorida chegirma joriy etiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, imtiyoz davlat OTMlarining bakalavriat bosqichida kunduzgi ta’lim shaklida kontrakt asosida tahsil olayotgan pedagoglar farzandlariga beriladi. Chegirma har yili qo‘llanadi. Agar bir pedagogning bir nechta farzandi davlat oliygohlarida kontrakt asosida o‘qiyotgan bo‘lsa, 30 foizlik chegirma har bir farzand uchun alohida tatbiq etiladi.

Qaysi holatlarda imtiyoz qo‘llanilmaydi?

Chegirma quyidagi toifadagi ta’lim muassasalari va dasturlariga tatbiq etilmaydi:

  • oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari;
  • xorijiy oliygohlar va ularning O‘zbekistondagi filiallari;
  • nodavlat oliy ta’lim muassasalari;
  • xorijiy hamkor universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari;
  • oshirilgan yoki tabaqalashtirilgan kontrakt asosidagi ta’lim dasturlari.

Chegirmadan foydalanish uchun talaba kontrakt.edu.uz platformasi orqali ariza topshirishi kerak. Ariza mas’ul tashkilot tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Agar ota-ona haqiqatan ham pedagog ekani “Raqamli hukumat” tizimi orqali tasdiqlansa, chegirma avtomatik ravishda qo‘llanadi.

Mazkur imtiyoz har o‘quv yili davomida bir marta beriladi. Agar ota-ona pedagog maqomini yo‘qotsa, chegirma keyingi o‘quv yilidan boshlab bekor qilinadi.

2,0740

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→