Yangiliklar/Jamiyat

BMW’da YPX inspektorini urib yuborgan voyaga yetmaganga hukm o‘qildi

Jamiyat 18 sentyabr, 14:03
BMW’da YPX inspektorini urib yuborgan voyaga yetmaganga hukm o‘qildi

Toshkent shahrining Mirobod tuman sudi tomonidan Doniyor Turg‘unovga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi bo‘yicha yopiq sud majlisi yakunlandi.

Sud hukmiga ko‘ra, 2010-yilda tug‘ilgan Doniyor Turg‘unov Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi, ya’ni jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Voyaga yetmaganga Jinoyat kodeksining 85-moddasi asosida 2 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud qaroriga ko‘ra, jazoni o‘tash muddati unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan 2026-yil 27-fevraldan hisoblanadi. Shu sababli mahkum yana qariyb 1 yil 9 oy muddatni jazoni ijro etish muassasasida o‘taydi.

Sudya tomonlarga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish bo‘yicha fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi, shuningdek hukm ustidan shikoyat berish tartibi va muddatlarini tushuntirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 25-fevral kuni Mirobod tumanida BMW avtomobilini boshqargan voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yuborgan edi. Og‘ir tan jarohatlari olgan inspektor keyinchalik shifoxonada vafot etgan.

Hodisadan so‘ng Doniyor Turg‘unov qamoqqa olingan. Dastlab unga avtomobilni olib qochish hamda odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish moddalariga asosan ayblov e’lon qilingan. Keyinchalik avtomobilni olib qochish bilan bog‘liq ayblov bekor qilingan.

Marhum kichik serjant Hosilbek Eshnazarov Prezident farmoni bilan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan taqdirlangan. Uning oilasiga Toshkent shahridan uch xonali kvartira ham berilgan.

1,9580

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→