Yangiliklar/Siyosat

Saida Mirziyoyeva Shayxontohur tumanidagi bo‘lajak istirohat bog‘i loyihasi bilan tanishdi

Siyosat 17 sentyabr, 15:28
Saida Mirziyoyeva Shayxontohur tumanidagi bo‘lajak istirohat bog‘i loyihasi bilan tanishdi

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkentning Shayxontohur tumanida barpo etilishi rejalashtirilayotgan yangi istirohat bog‘i hududini ko‘zdan kechirdi.

Uning ta’kidlashicha, ayniqsa issiq iqlim sharoitida poytaxtda yashil hududlar sonini ko‘paytirish muhim ahamiyatga ega. Daraxtlar, suv havzalari va soyali maskanlar shahar aholisi hayot sifati hamda qulayligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Loyihaga ko‘ra, bo‘lajak bog‘ hududida ko‘l barpo etish, keng yashil maydonlar yaratish, piyodalar yo‘laklari, sport bilan shug‘ullanish va bolalar bilan dam olish uchun maxsus zonalarni tashkil etish rejalashtirilgan.

“Bunday maskanlar poytaxtning barcha tumanlarida bo‘lishi kerak. Shaharda istirohat bog‘larini ko‘paytirish, mavjud yashil hududlarni asrab-avaylash va yangi ekologik toza maskanlarni yaratish zarur. Bu Toshkentni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, bu boradagi ishlarni davom ettiramiz”, dedi Saida Mirziyoyeva.

Yangi bog‘ni yaratish tashabbusi poytaxtni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha kengroq dastur doirasida amalga oshirilmoqda. Avvalroq Saida Mirziyoyeva Toshkentga “yashil shahar” maqomini qaytarish zarurligini ta’kidlagan edi. Shu maqsadda shahardagi parklar va jamoat maskanlarini rivojlantirish, Ekopark hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi markaziy bog‘ hududlarini kengaytirish, shuningdek, aholiga mo‘ljallangan yangi yashil maydonlarni yaratish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

Mutasaddilar fikricha, yangi istirohat bog‘i nafaqat dam olish maskani, balki shahardagi yashil hududlar ulushini oshirish va ekologik muhitni yaxshilashga xizmat qiladigan muhim jamoat makoniga aylanishi kutilmoqda.

5240

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→